Prezident Shavkat Mirziyoev 6 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokara o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Prezidenti Sadir Japarovni ilk bor Maslahat uchrashuvida ishtirok etayotgani bilan chin dildan qutladi va bu ko`p tomonlama «muloqot maydoni» mintaqamiz farovonligi yo`lida mamlakatlarimiz sa`y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Uchrashuvda, avvalo, joriy yil 11-12 mart kunlari Qirg`iz Respublikasi Prezidentining O`zbekistonga davlat tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga ortib, 425 million dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqtisodiyotning ustuvor yo`nalishlarida, xususan sanoat, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda ko`shma loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborilgan. Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv olib borilmoqda.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari “O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy” temir yo`li strategik ahamiyatga ega ekani, uni qurish bo`yicha muzokaralarni jadallashtirish muhimligini ta`kidladi.
Qirg`iziston Prezidenti O`zbekistonning mintaqada samarali va o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy sa`y-harakatlarini qo`llab-quvatlashini bildirdi. Davlatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari mintaqamizning qardosh xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta`kidladi.
Barcha sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirish uchun oliy va yuqori darajadagi muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.