Har yilning 11 avgustida o`zbek futboli muxlislari chuqur iztirob bilan “Paxtakor – 79”ni yodga olishadi. 1979 yilning aynan shu kuni “Paxtakor” jamoasi Dneproderjinsk osmonida aviafalokatga uchragan edi. Oqibatda o`zbek xalqi o`zining ajoyib o`g`lonlaridan ajralib qoldi. Futbol ishqibozlari tarkibida Mixail An, Vladimir Fedorov, Olim Ashirov, Shuhrat Eshbo`taev, Vladimir Sobirov, Aleksandr Korchenov, Sirojiddin Bozorov singari kuchli “charm to`p” ustalari bo`lgan bu jamoani hali – hanuz ajib bir sog`inch bilan xotirlashadi.
11 avgustda o`sha mash`um voqea ro`y berganiga roppa – rosa 42 yil to`ladi. Quyida shu jamoaning mohir hujumchisi, marhum V. Fedorov haqida hikoya qilamiz.
Kolxoz futbol jamoasidan chiqqan “yulduz”
Vladimir Ivanovich Fyodorov 1955 yilning 5 yanvarida Toshkent viloyatida tug`ilgan. Otasi Ivan Fyodorov “millionlar o`yini”ga ixlos qo`ygan, o`zi ham yoshligida futbol o`ynagandi. Shu boisdan, o`g`lidagi iqtidorni erta payqab, uni o`sha paytdagi kolxoz futbol jamoasiga etaklab borgandi. Bu erda Vladimir I. Toshmuhammedov, V. Yatchenko, Ya. Aronovich singari murabbiylar qo`lida saboq oldi.
1972 yilda trenerlar Vladimirni sobiq SSSR o`smirlar terma jamoasi murabbiylariga tavsiya etishdi. Chunki yigitchaning maydondagi tezkor harakatlari, to`p bilan ajoyib tarzda muomala qilishi har qanday kishining e`tiborini o`ziga tortardi. Ashxobodda o`tkazilgan xalqaro turnirda u birinchi marta o`smirlar terma jamoasi libosida maydonga tushdi. Xuddi shu yili “Paxtakor” oliy liga bilan xayrlashgani tufayli o`z tarixida ilk bor mamlakat chempionati birinchi ligasida ishtirok etdi.Asosiy maqsad oliy ligaga qaytish edi, albatta.Jamoaning o`sha paytdagi ustozi V. Solovyov tarkibga ko`plab yoshlarni jalb qildi. Ular orasida Vladimir Fyodorov ham bor edi. Murabbiy undagi katta iste`dodni ko`rib, darhol asosiy tarkibga qo`shdi. Permning “Zvezda” jamoasiga qarshi kechgan o`yinda qahramonimiz ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi va raqib darvozasiga to`p kiritdi. Bu gol jamoaga g`alaba keltirdi.
Maydonda qush kabi uchardi
Vladimir juda tezkor hujumchi edi. Oldingi chiziqda harakat qiluvchi futbolchi uchun bu yaxshi fazilat sanaladi. Undan tashqari, Fedorov maydonda pozisiya tanlashni yaxshi bilardi. Aynan shu ikki fazilat evaziga u raqib himoyachilaridan o`zib ketar, harakatlari muxlislarga bir olam quvonch ulashardi.Hujumni yakuniga etkazish borasida ham u tengsiz edi. Ikkilanib turmasdi. Raqib himoya chizig`ini “yorib” kirishdan hayiqmasdi. Zamonaviy futbol, jumladan o`zbek futboliga nazar tashlasak, hozir bunaqangi hujumchilar barmoq bilan sanarli darajada ozligini ko`ramiz. Ko`plab hujumchilarimizda dadillik, tashabbusni o`z qo`liga olish xususiyati, boshqacha aytganda, yaxshi ma`nodagi tajovuzkorlik etishmaydi.Ular ilojsiz vaziyatga tushgan kabi to`pni ortga – himoyachilarga qaytarib qo`ya qoladilar.Oqibatda fursat boy beriladi.Hujumni yana qaytadan boshlashga to`g`ri keladi.
Vladimir esa tug`ma talant egasi edi. U o`zining tezkorligi, ajoyib driblingi evaziga raqib himoyachilarini ortda qoldirib ketar, qoyilmaqom zarbasi bilan darvozabonlarni dog`da qoldirardi. Ushbu maqola muallifi uning mamlakat terma jamoasi safida Vengriya terma komandasi darvozasiga kiritgan golini juda yaxshi eslaydi.O`shanda yurtdoshimiz to`pni o`z jarima maydonchasi yaqinidan qabul qilib olib, vengrlarning etakchi o`yinchisi Nilashini ortda qoldirgan, keyin o`ziga peshvoz chiqqan ikki himoyachini aldab o`tgandi. Bu orada alamzada Nilashi Vladimirni quvib etdi.Ammo hujumchimiz aldamchi harakat bilan uni yana ortda qoldirdi va darvozabonning yugurib oldingga chiqqanini payqab, to`pni uning ustidan “parashyut” usulida tashlab qo`ydi.Ochig`i, bunaqangi chiroyli gollarni hozir ham kamdan kam uchratasan, kishi.
Mahoratiga tan berishardi
Darvoqe, Vladimir mamlakat terma jamoasidagi dastlabki o`yinini 1974 yilda Irlandiya terma jamoasiga qarshi o`tkazgandi. Bungacha esa u yoshlar terma jamoasi safida Evropa chempioni bo`lgandi.Umuman, 1974 yil V. Fyodorovning faoliyatidagi eng yaxshi davrlardan biri sanaladi. O`sha yili u sobiq SSSR chempionatining eng kuchli 33 futbolchisi ro`yxatidan o`rin oldi. 1976 yilda ham xuddi shunday natijaga erishdi. Yana bir jihati, terma jamoaga kim bosh murabbiy bo`lishidan qat`iy nazar u mamlakatning bosh komandasiga chaqiriq olardi. Bu ham uning mahoratiga tan berishganini ko`rsatadi, albatta.
Vladimir terma jamoa safida 18 ta o`yin o`tkazgan. Bundan tashqari, olimpiya terma jamoasi libosida 7 uchrashuvda maydonga tushgan. U 1976 yilda Monrealda bo`lib o`tgan Olimpiada bronza medali sohibidir.
Futbol mutaxassislari Vladimirning “ikkinchi qavat”da ham yaxshi o`ynaganini, darvozaga tayyorgarliksiz aniq zarba yo`llay olganini ta`kidlashadi.”Paxtakor” safida u turli turnirlarda 50 dan ziyod gol kiritdi. 17 yoshidayoq jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Bu uning o`z ustida qattiq ishlagani, mehnatdan qochmagani, futbol sirlarini o`rganishni kanda qilmagani dalolati, albatta. Aynan shu jihatlari bilan ham u hozirgi yosh futbolchilarga o`rnak bo`la oladi.
U “Paxtakor”ga sodiq edi
Vladimirdagi yana bir yaxshi fazilatni alohida ta`kidlashni istardik. U qadrdon jamoasi “Paxtakor”ni yaxshi ko`rardi. Unga sodiq edi. Markazdagi yirik va nisbatan kuchli klublar uni o`z saflariga taklif etishganida, qulay shart – sharoitlar yaratib berishni va`da qilishganida ham “Paxtakor”dan ketmagandi. ”Paxtakor uchun o`ynayman”, derdi u.Bugun – chi? Milliy chempionatimizda to`p surayotgan ayrim futbolchilar o`z jamoalarini xuddi qo`lqopdek almashtirishayotgani ayni haqiqat. Kecha falon klub sharafini himoya qilgan bir futbolchini haya o`tmay boshqa bir jamoada ko`ramiz.Oradan bir yil o`tib, u yana bir boshqa klubda paydo bo`ladi. Vaholanki, “Daraxt bir joyda o`sadi”, degan gap bejiz aytilmagan. Bu borada ham ayrim futbolchilarimiz Fyodorovdan o`rnak olishsa arziydi.
2002 yilda chop etilgan “Jahon futboli ensiklopediyasi”da “paxtakor”chi Vladimir Fyodoro haqida quyidagi so`zlarni o`qish mumkin: ”U mamlakatning etmishinchi yillar ikkinchi yarmidagi eng talantli hujumchilaridan biridir”. Shu e`tirofning o`ziyoq yuqoridagi fikrlarimiz asosli ekanini ko`rsatadi.Ammo beshafqat taqdir shunday mahoratli futbolchini oramizdan erta olib ketdi. 1979 yilning mash`um avgustida “Paxtakor” jamoasi tushgan samolyot falokatga uchradi. O`zbek futboli o`zining ajoyib vakillaridan ajralib qoldi.Ular orasida Vladimir Fyodorov ham bor edi.
O`shanda qahramonimiz atigi 24 yoshda edi. Futboldan ozgina bo`lsa – da xabari bor kishi yaxshi biladi:24 – 30 yosh oralig`i bu futbolchining eng gullab – yashnaydigan davridir. Binobarin, Vladimir Fyodorovning eng yaxshi o`yinlari hali oldinda edi. Muxlislar Fyodorovning maydonda go`yoki qush kabi uchishi, engil harakatlar qilishini nazarda tutib, unga “Toshkent qaldirg`ochi” deb nom qo`yishgandi. Afsuski, 1979 yilning 11 avgusti u uchun oxirgi parvoz bo`lib qoldi.
Xalqaro toifadagi sport ustasi Vladimir Fyodorov 2006 yilda mamlakatimiz Prezidenti Farmoniga muvofiq, o`limidan keyin “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Istam IBROHIMOV tayyorladi






