So`nggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishida aholi orasida, ayniqsa tumanlarda maxsus-formali kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda o`xshash kiyimdagi shaxslar o`zlarini “davlat yong`in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib fuqarolardan yillik 20 000-40 000 so`m atrofida majburiy tarzda soliq yoki kommunal to`lov sifatida noqonuniy yig`ish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, yuqoridagi masalalar bo`yicha kelib tushgan murojaatlar o`rganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida “yong`in”, “olov”, “qarshi kurash”, “xavfsizlik”, “himoya” kabi so`zlardan iborat bo`lgan va yong`inning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat bo`yicha Adliya vazirligi ayrim shaxslar tomonidan o`zlarini “davlat yong`in nazorati organlari xodimi” sifatida tanishtirgan holda yolg`on ma`lumotlar asosida fuqarolardan majburiy to`lov to`lanishini talab etishi noqonuniyligini ma`lum qiladi.
Eslatib o`tish joizki, fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun to`lovlarni belgilangan tartibda to`lab borishi lozim:
- Sovuq suv ta`minoti;
- Issiq suv ta`minoti (ko`p qavatli uylarda);
- Elektr ta`minoti;
- Gaz ta`minoti;
- Issiqlik ta`minoti (ko`p qavatli uylarda);
- Kanalizasiya (iste`molchi ulangan bo`lsa).
️Shu o`rinda takroran ma`lum qilinadiki, yong`in va uning oldini olish bilan bog`liq biron bir to`lab borilishi shart bo`lgan kommunal to`lov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.
"Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 209¹-moddasiga ko`ra formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo`lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilanganligini eslatamiz",–deyiladi xabarda.