Turizm va sport vazirligining tuzilmasi qayta ko`rib chiqiladi.
Davlat rahbari Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar bilan uchrashuvda Bosh vazirga shunday topshiriq berdi.
"Sport turlari bo`yicha o`tkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari ko`zga tashlanmoqda. Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari o`tkazilmasdan, faqatgina ma`lum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yo`q. Sport yo`nalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish talab etiladi. A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta ko`rib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini o`tkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin. Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta`minotini yaxshilash, bunda ilg`or xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo`llash muhim hisoblanadi. Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy ta`sir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar ro`yxati hamda optimal ovqatlanish rasionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim. Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida e`tibor qaratish juda muhim. Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, o`ziga ishonchi qanchalik kuchli bo`lsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi bo`ladi. Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va dietologiyasi bo`limlarini tashkil etish lozim".






