AsosiySiyosat

Siyosiy partiyalarning Prezident saylovida ishtirok etishiga rasman ruxsat berildi

'Siyosiy partiyalarning Prezident saylovida ishtirok etishiga rasman ruxsat berildi'ning rasmi

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishni Komissiya Raisi Z.Nizomxo`jaev olib bordi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash, siyosiy partiyalarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish to`g`risidagi masalalar ko`rib chiqildi.

– Mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha barcha ishlar Saylov kodeksiga qat`iy rioya qilingan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha kalendar rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda, – dedi MSK Raisi Z.Nizomxo`jaev.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga muvofiq, okrug saylov komissiyasi a`zoligiga nomzodlar Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan saylov okruglari tuzilganidan so`ng uch kun ichida Markaziy saylov komissiyasiga tavsiya etildi. Saylov kodeksida okrug saylov komissiyasi a`zolari soni 21 nafargacha bo`lishi belgilangan.

Saylov kodeksining 21-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida etmish kun qolganida komissiya raisi, rais o`rinbosari, kotibi va komissiyaning sakkiz nafardan — o`n sakkiz nafargacha boshqa a`zolaridan iborat tarkibda tuzilishi lozim.

Yig`ilishda barcha okrug saylov komissiyalariga tavsiya etilgan nomzodlar o`rganib chiqilib, tasdiqlandi.

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatovning qayd etishicha, ayni paytda 14 ta saylov okrugidagi saylov komissiyasi a`zolari soni 266 nafarni, ulardan 104 nafarini ayollar (39 foiz), 14 nafarini nogironligi bor shaxslar (5 foiz) tashkil etmoqda. Mutaxassisligi bo`yicha olganda, 32 nafari huquqshunos, 21 nafari shifokor, 26 nafari muhandis, 90 nafari pedagog, 41 nafari iqtisodchi, 11 nafari jurnalist va 45 nafari boshqa soha vakillaridan iborat. Bu yilgi Prezident saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida 31 yoshgacha bo`lgan 23 nafar yigit-qiz bor. 41 yoshgacha bo`lgan navqiron avlod vakillari esa 77 nafarni tashkil etadi.

Okrug saylov komissiyalari zimmasiga – o`z hududlarida Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, saylov uchastkalarini tuzish, ularning tartib raqamini belgilash va manzilini ko`rsatgan holda ro`yxatini e`lon qilish, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, saylov uchastkalarining joylashgan eri haqida saylovchilarni xabardor qilish, uchastka saylov komissiyalarini tuzish, tarkibini tasdiqlash va bu haqdagi ma`lumotlarni e`lon qilish, nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta`minlash kabi vazifalar yuklatilgan.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 63-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Ekologiya partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so`rab taqdim qilgan hujjatlarini ko`rib chiqib, mazkur partiyalarga 2021 yil 24 oktyabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.

Endi siyosiy partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro`yxatga olishni iltimos qilib ariza bilan murojaat qila oladi.  

Bunda ular tomonidan siyosiy partiya yuqori organining O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug`ilgan sanasi, kasbi, lavozimi, ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko`rsatilgan bayonnomasi, nomzodning o`z nomzodi ovozga qo`yilishiga rozi ekanligi to`g`risidagi arizasi, nomzodni qo`llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ham topshiriladi. Mazkur imzo varaqalarida O`zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo`lishi kerak.

Majlisda shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditasiyasi to`g`risidagi qaror loyihasi ham ko`rib chiqildi.

Aytish joizki, Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan o`zaro hamkorlik, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash masalalariga doimo alohida e`tibor qaratib keladi. Saylovlar davrida jurnalistlarga o`z faoliyatlarini amalga oshirishi uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida ularni akkreditasiyadan o`tkazish davom etmoqda.

Hozirgi paytda Markaziy saylov komissiyasiga akkreditasiyadan o`tkazishni so`rab ko`plab ommaviy axborot vositalaridan murojaatlar kelmoqda. Shu kungacha 700 nafardan ziyod OAV vakillari akkreditasiyadan o`tkazildi.

Majlis so`ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shu kunning o`zida mazkur siyosiy partiyalarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berish to`g`risidagi guvohnomalar hamda belgilangan miqdorda imzo varaqalarining blankalari topshirildi. Shu bilan birga, akkreditasiyadan o`tgan jurnalistlarga ham tegishli tartibdagi guvohnomalar berildi.

    Boshqa yangiliklar