Ma`lumki, avgust oyining uchinchi yakshanbasi — O`zbekiston Respublikasi Havo floti kuni. Bu kun barcha aviatorlar — samolyotlarni osmonga ko`taruvchi, texnik xizmatlar ko`rsatish, tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi xodimlar, umuman O`zbekiston aviasiya sohasining barcha tizimlari xizmatchilarining kasb bayramidir.
O`zbekiston havo floti bugungi kunda xalq xo`jaligining eng muhim sohasi hisoblanadi. Bu sohaning yarim asrlik yutuq va kashfiyotlarga ega tarixi bor. Mamlakatimizning havo transportini ta`minlovchi fuqaro aviasiyasi bugungi kunda zamonaviy terminallar, yangi texnologiyalar bilan ta`minlangan qudratli infratuzilmaga aylangan. U yildan-yilga ravnaq topib, parvoz xavfsizligi va ishonchliligi bo`yicha jahonda ko`pgina e`tirof va mukofotlarga sazovor bo`lmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi fuqaro aviasiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 5584-Farmoniga asosan 15 avgust kuni “Uzbekistan Airports” Aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan va bu yil ikki yilligi nishonlanmoqda.
“Uzbekistan Airports”AJ — O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 apreldagi “Fuqaro aviasiyasi korxonalarini o`zgartirish va qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risid”gi 5100-sonli qaroriga muvofiq yagona ijro etuvchi organ — O`zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining boshqaruv kompaniyasi deb tayinlandi.
“Uzbekistan Airports”AJning tashkil etilganiga 2 yil to`lishi munosabati bilan o`tkazilgan tadbirga bir guruh jurnalistlar va blogerlar taklif etildi. Tantanaga yig`ilganlar soha xodimlari va AJ jamoasini qo`shaloq bayram bilan tabriklashdi. Tizimning ilg`or va peshqadam xodimlari diplom va sovg`alar bilan mukofotlandi.
Tadbir so`ngida “Uzbekistan Airports”AJ raisining birinchi o`rinbosari Javlon UMARXO`JAEV jurnalistlarning savollariga javob berdi:
– Bugun aksiyadorlik jamiyatimiz tashkil topganiga roppa-rosa ikki yil bo`ldi. Shu bilan birga, e`tiborlisi 15 avgust kuni – O`zbekiston Respublikasi havo floti kuni, respublikamizda keng nishonlanadigan aviasiya bayrami hamdir. Biz bugun qo`shaloq bayramni nishonlayapmiz.
Aytib o`tish lozimki, “Uzbekistan Airports”AJ O`zbekiston havo yo`llari qayta islohot qilinganidan keyin tashkil etilgan yangi kompaniyadir. Hozirda tizimda amalga oshirilayotgan asosiy ishlardan biri aeroportlarimizning qo`shni aeroportlar bilan raqobatbardoshligini oshirish. Buning uchun birinchi navbatda biz ayni paytda respublikamizdagi aeroportlarning infratuzilmasini modernizasiya qilmoqdamiz. Aeroportlarda raqamlashtirish va avtomatlashtirish tizimlarini joriy qilmoqdamiz, maxsus texnika vositalarini yangilayapmiz. Shuningdek xodimlarning xalqaro standartlar asosida ishlashi bo`yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun Rossiya va Germaniya kabi davlatlardan etuk aviasiya mutaxassislari jalb etilgan. Rejalarimizni ushbu ekspertlar bilan birgalikda amalga oshirish ko`zda tutilgan. Oldimizda bajariladigan ishlarimiz hali juda ko`p. Bular barcha aeroportlarimizni qaytadan modernizasiya qilish, barcha xodimlarni chet eldan ekspertlarni jalb qilgan holda qayta tayyorlash.
Pandemiya sharoitiga qaramasdan hozirgi kunda aeroportlarimizda xorijiy aviakompaniyalarning samolyotlari juda ko`paygan. Bunga o`z navbatida “Uzbekistan Airports” tomonidan olib borilayotgan siyosat, ya`ni tariflar va stavkalarni 27 foizgacha tushirish natijasida erishildi. Buning samarasida hozirda hamkorlikda ishlayotgan xorijiy aviakompaniyalarning soni 25-30 foizga ko`paygan.
“Uzbekistan Airports” AJda bugungi kunda 7258 nafar xodim faoliyat yuritadi. Shu fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimni ushbu bayram bilan tabriklayman. Olib borayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar, oilasiga tinchlik, xotirjamlik tilayman!
Manzura BEKJONOVA