Joriy yilning 31 avgustidan 4 sentyabrgacha Toshkent shahrida, Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi boshqaruvchilar kengashining 2021 yilgi yillik anjumanini o`tkazadi. Unda a`zo mamlakatlarga oid rivojlanish masalalari va institusional muammolar muhokama qilinadi.
Yillik anjumanda ITBga a`zo mamlakatlarning 57 nafar hukumat vakillari, moliya, iqtisodiyot, rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vazirlari, markaziy banklar rahbarlari va boshqa rasmiylar, shuningdek, turli ko`p tomonlama rivojlanish banklari (MDB) va xalqaro rivojlanish tashkilotlari, biznes sektori, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashadi. Jami 2000 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Bu yilgi Yillik anjuman jahon iqtisodiyotning pasayishiga sabab bo`lgan COVID-19 pandemiyasi fonida bo`lib o`tmoqda. Shuni hisobga olgan holda, tadbir doirasida a`zo mamlakatlarda va jahon miqyosida vaksinalarning ommabopligini ta`minlash, pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni hal etish hamda iqtisodiyotlarning kompleks tiklanishini rag`batlantirish mexanizmlari muhokama qilinadi.
Bir qator masalalar Yillik anjuman doirasida o`tkaziladigan alohida mavzudagi seminar va tadbirlarda ko`rib chiqiladi. COVID-19 sharoitlarida barqarorlikni oshirish, global iqtisodiy tiklanishning yo`li sifatida barqaror qo`shilgan qiymat zanjirlarini tiklash, yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ish o`rinlarini yaratish va boshqa bir qator qiziqarli mavzular ko`tariladi. Shuningdek, IBR huzuridagi Transformasiya jamg`armasi tomonidan turli sohalarda “ertangi kun innovasiyalari” taqdimoti tashkil etiladi.
Yillik anjuman, shuningdek, ITB Guruhiga a`zo bo`lgan mamlakatlarni birlashtiruvchi boshqa tegishli tashkilotlarning umumiy majlislarini o`tkazish uchun platforma hisoblanadi.
Ma`lumot uchun: Asosiy reyting agentliklari tomonidan AAA darajasida baholangan Islom taraqqiyot banki ko`p tomonlama rivojlanish banki bo`lib, 45 yil davomida a`zo mamlakatlarda hayot darajasini va sifatini yaxshilashga qaratilgan keng qo`lamli institusional yordam berib keladi. Bank to`rt qit`a bo`ylab 57-a`zo mamlakatlarni birlashtiradi, dunyo aholisining beshdan bir qismini hayotiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Uning missiyasi odamlar o`z salohiyatini ro`yobga chiqarishlari uchun infratuzilmani yaratib, ularga o`z iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini yuqori darajaga olib chiqish imkonini berishdir. Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida joylashgan ITB 11 a`zo mamlakatlaridagi mintaqaviy markazlarga va ilg`or tajriba markazlariga ega.
Yillar davomida faoliyat ko`rsatib, Bank bitta tashkilotdan Islom taraqqiyot banki (IsDB), tadqiqotlar o`tkazish va ta`limga mas`ul bo`lgan Islom taraqqiyot banki instituti (IsDBI), Islom investisiyalar va eksport kreditlarini sug`urta qilish korporasiyasi (ICIEC), Xususiy sektorni rivojlantirish bo`yicha Islom korporasiyasi (ICD) va Xalqaro Islom savdo-moliya korporasiyalari (ITFC) kabi beshta yirik tuzilmadan tashkil topgan Guruhga aylandi.






