Bugun, 18 avgust kuni O`zbekistonda to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlarini ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan maxsus nizomda so`z boradi.
Unga ko`ra, ta`lim kreditlari oliy ta`lim tashkilotlarining kunduzgi ta`lim shaklida bakalavriat va magistraturaga to`lov-kontrakt asosida o`qishga tavsiya etilgan, shuningdek o`qishini ko`chirgan O`zbekiston fuqarosi bo`lgan talabalarga beriladi.
Bunda, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega oila a`zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.
Ta`lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o`qish muddati tugagandan so`ng, ettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Ta`lim kreditini olish uchun Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e`lon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza;
- to`lov-kontrakt shartnomasi va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo`lganda). Shartnomada o`qishni tamomlashning belgilangan muddati va bir yil uchun to`lov miqdori ko`rsatilgan bo`lishi lozim;
- ta`lim krediti qaytarilishining ta`minoti bo`yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta`lim krediti bo`yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma`lumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun);
- birgalikda kredit oluvchiga tegishli ma`lumot.
Qayd etilishicha, hujjatlar 5 ish kunida ko`rib chiqiladi.
Ta`lim krediti shartnomasi to`lov-kontrakt shartnomasida ko`rsatilgan bir yillik to`lov summasiga teng miqdordagi summaga tuziladi.
Ta`lim krediti kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.
Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi o`zgarishsiz qoladi.
Mazkur tartib:
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga;
- tijorat banklari tomonidan Jamg`arma mablag`laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta`lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
- shuningdek,, tabaqalashtirilgan to`lov-kontraktni va uning minimal miqdoriga teng bir martalik boshqa to`lovlarni amalga oshirish uchun ta`lim krediti ajratilmaydi.






