O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 23 iyul kuni bo`lib o`tgan majlisida 2021 yil 24 oktyabrda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berilib, saylov kampaniyasi boshlanishi rasman e`lon qilingan edi.
O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish orqali tashviqot olib borish huquqi ta`minlanadi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o`tkaziladi.
Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig`ilishida siyosiy partiyalarning saylovoldi jarayonlarda faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, ushbu muhim siyosiy jarayonda siyosiy partiyalarning qonun bilan kafolatlangan saylovoldi tadbirlarini amalga oshirishlarini ta`minlash bilan bog`liq ayrim masalalar ko`rib chiqildi.
Xususan, Komissiyaning qarori bilan O`zbekiston Respublikasida faoliyat ko`rsatuvchi siyosiy partiyalarning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yuqori saviyada xalqaro standartlarga mos ravishda o`tkazish maqsadida saylov to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o`tkazish to`g`risidagi takliflari ma`qullandi.
Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishda ishtirokchilar o`rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo`lish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e`tibor qaratish tavsiya etildi.






