2021 yil 18 avgust kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda qayd etilganidek, o`tgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta Qonun, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko`maklashish asoslari to`g`risida”gi Konvensiyasi (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikasiya qilindi. O`zbekistonda ilk marotaba odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada qayta yo`naltirish tizimi joriy qilindi.
Yig`ilishda odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko`rsatish, ularni reabilitasiya qilish, shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz manfaatlarini himoyalash masalalariga ham alohida to`xtalib o`tildi. Odam savdosidan jabrlangan, uzoq muddat xorijda bo`lib qaytgan va deportasiya qilingan ayollarga har tomonlama yordam ko`rsatilgani ta`kidlandi.
E`tiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e`tirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migrasiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporasiyasi, Evropa Ittifoqi, AQSh Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yo`nalishdagi sa`y-harakatlarni munosib baholamoqda.
Tadbirda AQSh Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yo`l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.
Shuningdek, yig`ilishda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash bo`yicha o`z echimini kutayotgan masalalarga e`tibor qaratildi. Ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.
Misol uchun, hisobot davrida Mehnat inspeksiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o`z funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo`yicha 41 ta holat aniqlangan. Sohalar kesimida aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq ta`limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.
Yig`ilishda joriy yilgi paxta yig`im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik, mehnat munosabatlarini to`g`ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan masalalar ham muhokama qilindi.