AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk bor jigar transplantasiyasi amalga oshirildi

'O`zbekistonda ilk bor jigar transplantasiyasi amalga oshirildi'ning rasmi

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari ortotopik jigar transplantasiyasi operasiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

 

Bunga qadar  o`zbek-rus va o`zbek-hind qo`shma jarrohlari 8 ta ortotopik jigar transplantasiyasini o`tkazgan bo`lib, bu galgi operasiya mamlakatimiz tibbiyoti tarixiga o`zbek mutaxasislari tomonidan mustaqil amalga oshirilgan ilk jigar transplantasiyasi sifatida muhrlandi.

 

10 soatdan ortiq vaqt davom etgan operasiyada Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan jigar sirrozi bilan xastalangan bemor — 38 yoshli Azima Roziqovaga 42 yoshli akasi Bekmurod Roziqovning jigaridan bir bo`lak ko`chirib o`tkazildi. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi, donor palataga olingan.

 

—  Singlim ko`p yillardan beri shu dard bilan og`rib, vaqti-vaqti bilan muolaja qilib yurardi, — deydi donor Bekmurod ROZIQOV. — Dastlab tumanimizda, so`ng Buxoro shahrida ko`p marta davolandi, lekin foydasi bo`lmadi. Shundan so`ng imtiyozli order olib, ushbu shifoxonaga keldik. Hozir o`zimni ancha yaxshi his qilyapman. Ayniqsa, singlimning ahvoli yaxshi ekanidan, og`ir darddan xalos bo`lganidan juda ham xursandman. Shifokorlar menga ikki kundan so`ng javob berisharkan. Ularning aytishicha, jigarim 2 haftada o`zini tiklab olar ekan. Opresiyada ishtirok etgan barcha shifokor va hamshiralarga o`z minnatdorligimni bildiraman.

 

—  Bu kasallik menda 6 yil avval boshlangan edi, — deydi Azima ROZIQOVA. — Ayniqsa shu yil ahvolim juda og`irlashdi, tanam shishib ketdi. Toshkentga kelib, tibbiy tekshiruvlardan o`tganimdan so`ng, shifokorlar bu kasallikni davolashning birdan-bir yo`li transplantasiya ekanini aytishdi. Operasiyadan chiqqanimga 4 kun bo`ldi. Hozir ancha yaxshiman. Kecha bir-ikki qadam yurdim, bugun ham krovatim atrofini aylanmoqchiman.

 

—  Jigar sirrozi bilan og`riydigan bemorlar bugungi kunda yurtimizda har ming kishiga 5-6 nafarni tashkil etadi, — deya ta`kidladi operasiyaga boshchilik qilgan jarroh, professor Mirshavkat AKBAROV. — Jigar sirrozining asosiy davosi bu — jigar transplantasiyasidir. Shu jumladan, eng ko`p transplantasiyalardan biri yaqin qarindoshlar orasida amalga oshiriladi.

 

O`zbekistonda jigar transplantasiyasi dasturini rivojlantirishning yangi bosqichi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun`iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazi o`rtasida memorandum imzolanishi bilan boshlandi. Hamkorlik doirasida mutaxassislarimiz bir necha bor Rossiya transplantasiya markazida malaka oshirish kurslarida qatnashdi.

 

Keyin bu kabi operasiyalarni yurtimizda mustaqil yo`lga qo`yishimiz kerak, degan qarorga keldik. Boisi, chet eldan mutaxassislarni chaqirish bilan bu kasallikni engib bo`lmaydi. Bugungi kunda kamida yiliga 40-50 nafar yurtdoshlarimiz jigar transplantasiyasi uchun xorij davlatlariga borishmoqda. Lekin hammaning ham bunga imkoni yo`q. Shuning uchun ilk marta mustaqil jigar transplantasiyasini amalga oshirdik. Aminmiz, ikki bemorimiz ham to`liq sog`ayib ketadi. Yaqin kunlarda yana bitta jigar transplantasiyasi amaliyotini amalga oshirishga tayyorgarlik ko`rmoqdamiz.

 

Bir so`z bilan aytganda, bu hali boshlanishi. Kelajakda jigar transplantasiyasini kundalik operasiyalar qatoriga qo`shib, ushbu kasallik bilan og`rigan bemorlarimiz dardiga darmon bo`lish niyatidamiz.

    Boshqa yangiliklar