Kecha Xalq ta`limi vazirligida Rossiya Federasiyasining uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalar uchun stasionar sharoitida ta`lim berish bilan shug`ullanadigan «Uchim znaem» loyihasi rahbarlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Hukumatning tegishli qarori bilan gematologiya kasalligi bilan davolanayotgan bolalarga uzluksiz ta`lim jarayonlarini tashkil etish vazifasi belgilangan. Bu borada «Zamin» Xalqaro jamoat fondi ko`magida yurtimizda gematologiya va onkologiya kasalligi bilan davolanayotgan bolalar uchun ta`lim jarayonini tashkil etishga yo`naltirilgan «Mehrli maktab» loyihasi amalga oshiriladi.
Loyihani O`zbekistonda muvaffaqiyatli joriy etish maqsadida 7 yildan buyon Rossiya Federasiyasida o`z faoliyatini olib borayotgan «Uchim znaem» loyihasining tajribasi o`rganilib, loyihani yurtimizda amalga oshirish borasida takliflari o`rganildi.
«Mehrli maktab» loyihasini amalga oshirish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy markazi yonida joylashgan 182-maktab tanlandi.
Hamkorlar bilan uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarga ta`lim beradigan pedagoglarni tanlash va ularni malakasini oshirish, o`quv reja va dasturlarni ishlab chiqishda hamkorlik qilinadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalarga uzluksiz ta`lim jarayonlari 2022 yildan yo`lga qo`yiladi.