AsosiyJamiyat

Sportchi Elbek Rahimovning o`limiga sabab bo`lgan jinoyat ishi yuzasidan tafsilotlar ochiqlandi

'Sportchi Elbek Rahimovning o`limiga sabab bo`lgan jinoyat ishi yuzasidan tafsilotlar ochiqlandi'ning rasmi

Qarshi shahrida Bosh prokuratura, Oliy sud hamda Ichki ishlar vazirligi rahbarlari va mas`ul xodimlar ishtirokida bir guruh shaxslar tomonidan o`ldirib ketilgani aytilgan sportchi Elbek Rahimovning jinoyat ishi yuzasidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
 

Matbuot anjumanida Elbek Rahimovning qasddan o`ldirish bo`yicha jinoyat tafsilotlari muhokama qilindi.

 Ma`lum bo`lishicha “ERIELL” (ERIEL) xorijiy kompaniyasi operatori, “ushu-sanda” sport ustasi, ko`plab xalqaro musobaqalar g`olibi  Elbek Rahimov bilan fuqaro Zuxriddin Boymirzaev o`rtasida 2020   yil   dekabridan   buyon   kelishmovchilik   bo`lib   kelgan.

Xususan, dastlab Boymirzaev Rahimovning ukasi bilan   o`zaro   tortishib   qolgan.

Bunga javoban Elbek Rahimov joriy yilning 17   iyul   kuni   Boymirzaev   bilan   o`zaro   janjallashgan.Yuzaga kelgan adovat zamirida Boymirzaev Rahimovdan o`ch olish maqsadida joriy yilning 17 avgust kuni soat 07:00 larda tanishlari Sh.Tangriberdiev, J.Amriev, Sh.Zayniddinov, Og`abek va Ilyos Ruzievlar, Ya.Yahyoev va E.Abduhafizovlar bilan jinoiy til biriktirib, pichoq va temir bo`laklari bilan qurollanib, E.Rahimovni Qarshi shahrida yashovchi fuqaro Babaevaga tegishli xonadondan chiqishini   kutib   turishgan.

Shu kuni soat 09:35 larda Boymirzaev jinoiy sheriklari bilan birga xonadondan chiqqan Rahimovni fuqarolarning ko`z o`ngida, shafqatsizlarcha urib - tepib, pichoq va temir bo`laklari bilan hayoti uchun xavfli   tan   jarohatlari   etkazgan.

Shundan keyin, ular Rahimovni Ilyos Ro`ziev boshqaruvidagi avtomashinaga zo`rlab o`tqazib, Chiroqchi tumani “Toshli” qishlog`i hududiga olib borib, jabrlanuvchiga qo`l - oyoqlari va temir bo`lagi bilan ko`plab tan jarohatlari etkazib, o`lar holatda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga   tashlab   ketishgan.

Ushbu holatdan fuqaro Babaeva orqali xabar topgan Rahimovning ukasi - Akmal Rahimov “GPS” orqali akasining telefoni geolokasiyasini aniqlab, tanishlari A.Babanazarov, Yu.Murodov, J.Berdinazarov va boshqalar bilan   birga   avtomashinada   Chiroqchi   tumaniga   etib   borishgan.

Shundan so`ng, Akmal Rahimov, Babanazarov, Murodov va Berdinazarovlar tumanning Chuvilloq qishlog`ida avtomashinada harakatlanib ketayotgan Z.Boynazarov, O.Ro`ziev, J.Amriev va Ya.Yahyoevlarni ko`rib qolib, avtomashinani to`xtatishib, Boynazarov va uning sheriklarini urib,   tan   jarohati   etkazishgan.

Shifoxona ma`muriyati xabari asosida etib kelgan hudud profilaktika inspektorlari J.Ravshanov va S.Ahmedov janjal davomida tan jarohati olgan Og`abek Ro`ziev va Ya.Yahyoevlarni ushlashgan, janjalning qolgan ishtirokchilari   yashiringan.

Elbek Rahimov ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan,    soat   14:00 da   shifoxonada   vafot   etgan.

Sud - tibbiyot ekspertizasining ma`lumotnomasiga ko`ra, Rahimovning o`limiga bosh miyasining lat eyishi, bosh suyagining sinishi, ko`krak qafasi a`zolarining shikastlanishi, tanadagi boshqa ko`plab og`ir jarohatlari sabab bo`lgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan Elbek Rahimovning o`limi holati yuzasidan voqea sodir bo`lgan kun, ya`ni 17.08.2021 yilda Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l,p” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, jinoyat ishi tergov   guruhiga  topshirildi.

Tezkorlik va hamkorlikda olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida, shu kunning o`zida jinoyatning barcha ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, ular ushlandi, himoyachi ishtirokida so`roq qilindi va sud - tibbiyot ekspertizasi   ko`rigidan   o`tkazildi.

Hodisa sodir bo`lgan joy, Babaevaning uyi oldi ko`zdan kechirilganda, uch dona temir armatura bo`lagi, Rahimovga tegishli bir juft erkaklar poyafzali, bir dona erkaklar bosh kiyimi, qonga o`xshash dog`lar hamda pnevmatik to`pponcha o`qi daliliy ashyo sifatida   olindi.

Shuningdek, Chiroqchi tumani “Toshli” qishlog`i hududidagi voqea joyi ko`zdan kechirilganida qonga o`xshash dog`lar hamda marhum E.Rahimovga tegishli qo`l soati ashyoviy dalil   sifatida   olindi.

Bundan tashqari, voqea kuni jinoyatchilar foydalangan 70 O 880 PA davlat raqamli “Jentra” rusumli avtomashinani ko`zdan kechirish jarayonida ham uch dona temir armatura, qonga o`xshash dog`lar bilan ifloslangan futbolka va   pnevmatik   to`pponcha   olindi.

Jinoyatga aloqador dalillarni aniqlash maqsadida gumonlanuvchilarning yashash xonadonlarida o`tkazilgan 10 ta tintuvda 2 ta telefon, 2 ta SIM karta, qonga o`xshash dog`lar   mavjud   bo`lgan   kiyimlar   hujjatlashtirib   olindi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida 8 nafar ayblanuvchi,jabrlanuvchining qonuniy vakili, 10 ga yaqin guvohlar   so`roq   qilindi.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari   aniq   reja   asosida   davom   ettirilmoqda, tergov   ustidan   nazorat   o`rnatildi.

Albatta, tergov yakuni bo`yicha jinoyatning barcha holatlariga baho beriladi, uni keltirib chiqargan asl   sabab   va   shart - sharoitlar   o`rganiladi.

    Boshqa yangiliklar