Polsha harbiy samolyoti Afg`onistondan 50 kishini Navoiy aeroportiga evakuasiya qildi. Ular shu erdan Polshaga jo`natildi.
Polsha Harbiy-havo kuchlarining Lockheed C-130H Hercules harbiy samolyoti 18 avgust kuni 50 kishini Afg`onistondan O`zbekistonga olib keldi, deya xabar qildi PAP nashri Polsha tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Marsin Pshidachga tayangan holda.
Evakusiya qilinganlar orasida Polsha fuqarolari hamda mamlakatning Afg`onistondagi davlat muassasalari va diplomatik missiyalari faoliyatida ishtirok etgan, hamkorlik qilgan boshqalar bor.

Evakuasiyadan avval Polsha TIV rahbari o`rinbosari Marsin Pshidach O`zbekiston tashqi ishlar vaziri o`rinbosari G`ayrat Fozilovga fuqarolarni evakuasiya qilishda ko`mak ko`rsatishni so`rab murojaat qilgan.
Navoiyda Polshaning LOT fuqaro aviasiyasiga tegishli Boeing 787 yo`lovchi samolyoti evakuasiya qilingan fuqarolarni Navoiy aeroportidan Polshaga olib ketdi. Mamlakat bosh vaziri Mateush Moraveskiy navbatdagi transport Kobulda qolgan odamlarni olib kelishini ma`lum qildi. Uning so`zlariga ko`ra, Polsha qochqinlarni evakuasiya qilishda EI va NATOga yordam berish istagida.







