Prezident Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Ayni paytda davlatimiz rahbari nutq so`zlamoqda.
– Keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Siz kabi ishning ko`zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz chin ma`nodagi Yangi O`zbekiston bunyodkorlarini ko`ramiz.
Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o`rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to`g`ri kelmoqda. Ularda hozirgi kunda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqdalar. Agar biz iqtisodiyotimizni yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.
Keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, lisenziya, ko`chmas mulk va resurslarga ega bo`lish, eksport kabi masalalarda ko`plab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo`yicha mavjud cheklovlar, to`siq va g`ovlarning ko`piga barham berildi.
Eng asosiysi, el orasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o`zgardi, jamiyatda ularning obro` va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o`z mustahkam o`rniga, nufuzi va brendiga ega bo`lgan, haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.