AsosiyJamiyat

Farzandini maktabga borishiga to`sqinlik qilayotgan “ota” otalik huquqidan mahrum qilindi

'Farzandini maktabga borishiga to`sqinlik qilayotgan “ota” otalik huquqidan mahrum qilindi'ning rasmi

Bola huquqlari bo`yicha vakilga ayni vaqtda Turkiya davlatida istiqomat qilib kelayotgan hamyurtimiz A.S. tomonidan murojaat kelib tushdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Murojaat muallifining yozishicha, u 2015 yilda turmush o`rtog`i V.M.dan qonuniy ajrashgan, ular o`rtasida 2013 yilda tug`ilgan bir nafar o`g`il farzand bor.

Sobiq turmush o`rtog`i V.M. alimentdan qarzdorligi sababli hamda ta`qiqda bo`lishiga qaramay noqonuniy yo`l bilan O`zbekiston Respublikasidan chiqib ketadi va Rossiya Federasiyasida yashab yuradi.

V.M.ning hozirgi kunga qadar to`lanmasdan kelinayotgan aliment qarzdorligi 50 mln. so`mdan ortgan. Murojaatchi A.S. 2019 yilda turk fuqarosi bilan qonuniy nikohdan o`tadi. Sobiq turmush o`rtog`ining ko`p miqdorda aliment qarzdorligi vujudga kelganligi sababli, A.S. o`z o`g`lini Turkiya davlatiga olib ketishida otaning ruxsati shart bo`lmagan.

Turkiya davlatida farzandining yashashi uchun barcha sharoitlar mavjud, biroq Turkiya davlati qonunlariga ko`ra, voyaga etmagan chet el fuqarolarining  qonuniy ro`yxatdan o`tishi uchun ota-onasining ruxsati bo`lishi belgilangan. Ushbu ruxsat bo`lgandagina farzand maktabda ta`lim olishi mumkin. Ammo, bolaning sobiq otasi bunga rozilik bermagan.

Mazkur murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, o`rganildi. Sobiq er-xotinlarning o`zaro shaxsiy xusumati tufayli ota V.M. o`z o`g`liga Turkiya davlatida qonuniy ro`yxatdan o`tishi uchun rozilik berishdan bosh tortgan. Murojaatchi A.S.ning farzandi hozirgi kunda 8 yoshga to`lishiga qaramay maktabga bora ololmagan. Ushbu masala yuzasidan A.S.ning akasi ishonchnoma asosida V.M.ni otalikdan mahrum qilish bo`yicha Fuqarolik ishlari bo`yicha Urgut tumanlararo sudiga da`vo arizasini kiritgan.

Shuni ta`kidlash joizki, V.M.ning 50 mln. so`mdan ortiq aliment qarzdorligi bo`lib, 7 yil mobaynida u o`z farzandini biror marta ham ko`rmagan va xabar olmagan, na moddiy, na ma`naviy hech qanday yordam ko`rsatmagan, otalik burchini bajarishdan bosh tortib kelayotgan, qonunga zid ravishda O`zbekistondan chiqib ketgan sobiq turmush o`rtog`ini (V.M.ni) otalik huquqidan mahrum qilish masalasi Oliy sudgacha etib kelgan.  

Bola huquqlari bo`yicha vakilning mazkur ish yuzasidan Oliy sudga kiritgan xulosasi hamda nazorat instansiyasida Ombudsman vakilining ishtirok etishi bilan murojaatchining sobiq turmush o`rtog`i otalikdan mahrum qilinib, Turkiya davlatida onasi bilan yashab kelayotgan o`g`il maktabga borib ta`lim olish imkoniyatiga ega bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar