Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "Lyuboying bilan gaplashaman" sarlavhali xabar yuzasidan YHXBB xodimi ogohlantirish oldi. Boshqarma mazkur holatni quydagicha izohladi.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 31 iyul kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tungi xizmatga jalb qilingan YPX xodimi I.Dadaev tomonidan "Spark" rusumli avtomobil haydovchisi quvib o`tish qoidasini buzganligi sabab to`xtatilgan.
Haydovchi me`yoriy hujjatlarini taqdim qilmaganligi va planshet orqali onlayn tarzdagi tekshiruv natijasida ushbu avtomobil bilan bog`liq o`z muddatida bartaraf qilinmagan 4 ta qarzdorlik holati (haydovchi bir yil mobaynida 19 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan) mavjudligi sabab avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
O`zaro muloqot vaqtida xodim haydovchiga qarzdorligi yuzasidan to`g`ri tushuntirish bergan bo`lsada, haydovchi nosamimiy munosabatda bo`lishda davom etgan. Xodim og`ir, vazmin bo`lmasdan muomala madaniyatidan chetga chiqqanligi videoda aks etgan.
"Mazkur holat YPX xodimi I.Dadaev ishtirokida YHX boshqarmasi xodimlari orasida muhokama etilib, I.Dadaev kelgusida yo`l harakati qatnashchilari bilan muomala madaniyatiga rioya qilgan holda, og`ir va vazminlik bilan muloqotda bo`lishi yuzasidan ogohlantirildi.", deyiladi xabarda.






