2021 yil 18 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahri Strogino hududidagi Tvardovskiy ko`chasida mehnat migrantlari ishtirokida yuz bergan otishma bilan bog`liq yana bir ziddiyatni ko`rsatuvchi video materiallar tarqatildi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga tayanib ma`lum qilishicha, ushbu mojaroda O`zbekiston fuqarolari ishtirok etmagan.
Shuningdek, elchixona ushbu davlatdagi yurtdoshlarimizdan mamlakatda bo`lish qoidalariga rioya qilish, ularning buzilishiga yo`l qo`ymaslik, turli provokasiyalarga berilmaslikni so`ragan. Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligining ogohlantirishicha, zo`ravonlik harakatlariga undash va ruxsat etilmagan ommaviy harakatlar, mitinglar yoki janjallarda qatnashganlik uchun jinoiy va ma`muriy javobgarlikka tortiladi, so`ngra deportasiya qilinadi va qayta kirishga ruxsat etilmaydi.
Shu o`rinda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ushbu davlat hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizdan ham Rossiya Federasiyasi qonunlariga rioya qilish va an`analarini hurmat qilish, nizoli vaziyatlarga aralashmaslikni, muammoli yoki nizoli vaziyatlarda vakolatli organlar hamda mamlakatimizning ushbu davlatdagi diplomatik idoralariga murojaat qilishni so`ramoqda.






