2021 yil boshidan Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 1300 dan ortiq daraxtlarga reklama o`rnatish holatlarini aniqlagan. Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
"Reklama to`g`risida"gi qonun va hukumat qaroriga muvofiq, daraxtlarga reklama joylashtirish taqiqlanadi.
Keyingi vaqtlarda o`zboshimchalik bilan reklama lavhalarini daraxtlarga osib qo`yish holatlari tez-tez uchrab turibdi.
«Metall konstruksiyali reklama lavhalarini o`rnatish uchun daraxt tanasiga har tomondan mixlar qoqib qotiriladi hamda kabel va simlar o`tkazilib, ular ham daraxt tanasiga turli xil usulda yana bir bor mustahkamlanadi. Bunday reklamalarni joylashtiruvchilar daraxtlarning holati haqida aslo qayg`urmaydilar — qo`lbola usulda yasalgan bilbordlarini osish uchun to`g`ridan-to`g`ri ularning tanasiga mix va burama mixlar qoqib, ilgaklar bilan bog`lab qo`yadilar», — deyiladi xabarda.
Joriy yilning o`tgan davrida daraxtlarga reklama o`rnatish bo`yicha 13000 dan ortiq holatlar aniqlangan. Reklamalar zudlik bilan olib tashlangan.
Qonunga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob`ektlarida, yo`l belgilarida va svetoforlarda, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo`li bilan joylashtirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to`g`risida"gi qaroriga asosan tashqi reklama ob`ektlarini (konstruksiyalarini) daraxtlarda o`rnatishga yo`l qo`yilmaydi.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga o`zboshimchalik bilan o`rnatilgan noqonuniy reklamalarning atrof-muhitga zarar etkazayotgani yuzasidan tegishli chora ko`rilishi bo`yicha xat chiqarildi.
Agentlikning Telegram-boti orqali tashqi reklama vositalarining daraxtda o`rnatilgani haqida xabar berish mumkin.






