1003 qisqa raqamli Call-markaziga so`nggi 10 kunda 13 900 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Pandemiyaning ilk kunlaridanoq jamoatchilikning koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq savollariga o`z vaqtida javob berish, fuqarolarga tibbiy yo`l-yo`riq ko`rsatish tizimi yo`lga qo`yilgan edi. Bir yil avval ishga tushgan qisqa raqamli 1003 Call-markazi hozirda ham tunu kun faoliyat yuritmoqda.
O`tgan yil kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor o`qituvchilar, tajribali shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlarini qabul qilgan edi. Shu yilning may-iyun oylarida markazda 15 nafar mutaxassis qo`ng`iroqlarga javob bergan bo`lsa, iyul va avgust oylarida murojaatlar soni oshgani munosabati bilan ayni paytda 50 nafar mutaxassis navbatma-navbat tunu kun uch smenada xizmat qilmoqda.
Ular orasida tibbiyot fanlari nomzodi va doktorlari, malakali mutaxassislar bo`lib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda.
Ta`kidlash lozimki, Call-markazga joriy yilning iyun oyida bir kunda o`rtacha 200-400 ta murojaat kelib tushgan bo`lsa, iyul oyida murojaatlar soni kuniga o`rtacha 1800 tani tashkil qildi.
Shuningdek, joriy yilning avgust oyi boshidan buyon Call-markazga bir kunda o`rtacha 1700 ta murojaat qabul qilingan bo`lsa, oyning so`nggi o`n kunligida murojaatlar soni biroz pasayib, jami 13 880 tani tashkil etdi. Taqqoslash uchun aytsak, o`tgan iyul oyining xuddi shu davrida bu raqam 19 187 ta edi.
Eng ko`p berilayotgan savollarga e`tibor bersak, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik sertifikatini qaerdan va qanday tartibda olish mumkin, O`zbekistonda qo`llanilayotgan vaksinalarning bir-biridan farqi nimada, hozirgi kunda chet davlatlarga borish uchun emlanish shartmi, yangi o`quv yilida maktabga boradigan bolalarni “COVID-19”dan qanday himoya qilish mumkin kabi bir qator savollar berilmoqda.
Shuningdek, yurtimizdagi murakkab pandemik vaziyat tufayli koronavirus kasalligining klinik belgilari bilan bog`liq savollar hanuz dolzarb bo`lib turibdi.
— Bundan tashqari, soha mutaxassislarining antibiotik va gormonlardan o`zboshimchalik bilan foydalanish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida olib borgan muntazam targ`ibot ishlari sababli, bugungi kunda koronavirusga chalingan ko`plab fuqarolar ushbu dori vositalaridan qachon va qanday paytda foydalanish kerakligi, antibiotiklarning foydali va zararli jihatlari, keksa va yondosh kasalligi bor hamda homilador bemorlar infeksiyadan himoyalanish uchun nimalarga e`tibor qaratishi lozimligi yuzasidan ko`p murojaat qilishmoqda, — deydi Call-markaz mutaxassisi Feruz TOJIEV. — Albatta mutaxassislarimiz har bir fuqaroning murojaatidan kelib chiqib, shunga mos tarzda ularni qoniqtirgan javoblar berishga, zarur hollarda ularni kerakli tibbiyot mutaxassislari, xususan, oilaviy poliklinikadagi shifokorlarga yo`naltirishga harakat qilmoqda.
Bir so`z bilan aytganda, hozirgi murakkab pandemiya davrida 1003 Call-markazi mutaxassislari yurtimiz aholisiga sidqidildan xizmat qilayotir.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakatimiz bo`yicha jami 101 ta maxsus shifoxona faoliyat yuritmoqda.
Kasallik klinik belgilarsiz va engil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat ko`rsatishni tashkil qilish maqsadida 124 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Ularda 222 ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.






