AsosiyDunyo

Anjelina Joli Instagram sahifasini ochdi — u birinchi postida Afg`onistondagi vaziyatga o`z pozisiyasini bildirdi

'Anjelina Joli Instagram sahifasini ochdi — u birinchi postida Afg`onistondagi vaziyatga o`z pozisiyasini bildirdi'ning rasmi

 Anjelina Joli endi  Instagram-da! Kecha, 20 avgust kuni Amerikalik aktrisa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo`yicha maxsus vakili Anjelina Joli Afg`onistondagi hozirgi vaziyatni hisobga olib, bunga o`z pozisiyasi bildirish maqsadida Instagram ijtimoiy tarmog`idan ro`yxatdan o`tdi. 

46 yoshli aktrisaning sahifasiga bir necha soat ichida 4 milliondan ortiq odam obuna bo`lgan. Aktrisa @angelinajolie taxallusi bilan ro`yxatdan o`tgan. Joli You-Tube -dagi shaxsiy kanalini yaratganidan ikki yil o`tgach, bu qadamni qo`yishga qaror qildi.

Ko`p bolali ona, xayriyachi, jamoat arbobi va BMTning elchisi (2001 yildan) birinchi postini 15 avgustda Tolibon harakatiga atab yozilgan afg`onistonlik o`smir qizning xatiga bag`ishladi. U qo`lda yozilgan maktubining fotosuratini joylashtirdi, unda qiz shu kunlarda uning hayoti qanday o`zgarganini aytib bergan va yordam so`ragan.

Endi Afg`oniston xalqi ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish va o`z fikrini erkin ifoda etish imkoniyatidan mahrum. Men Instagramga qo`shildim, ularning hikoyalari va butun dunyoda inson huquqlari uchun kurashayotganlarning ovozlari bilan bo`lishish uchun, - Anjelina o`z maktubini shu so`zlar bilan to`ldirgan.

Eslatib o`tamiz, Jolining jamoat ishi uzoq vaqtdan beri muhojirlar muammosi bilan chambarchas bog`liq edi: u Yaqin Sharq, Janubiy Amerika va Afrika mamlakatlaridagi ishlarning haqiqiy ahvolidan xabardor. Aktrisa Bangladesh, Turkiya, Peru, Malta, Livan, Iordaniya, Suriya va boshqa mamlakatlardagi qochqinlar lagerlariga ko`p sayohat qilgan. Iyun oyida u Venesueladan kelgan qochqinlar lageriga tashrif buyurdi va aprel oyida u dunyodagi tinchlikparvarlik operasiyalariga bag`ishlangan Butunjahon tashkilotining Bosh assambleyasining yig`ilishida ishtirok etdi. Shuningdek, 2018 yil iyun oyida Anjelina BMTning yaxshi niyat elchisi sifatida harbiy harakatlar paytida zarar ko`rgan Iroqning Mosul shahriga tashrif buyurdi.

Bungacha Anjelina Jolining Instagram profili yo`q edi.

Risolat MAXSIMOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar