SSV Matbuot xizmati “COVID-19”ga qarshi vaksinasiya bo`yicha eng ko`p beriladigan savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim boshlig`i Dilorom TURSUNOVAdan javob oldi:
— OIV bilan kasallangan va autoimmun kasalliklarga chalingan shaxslar “COVID-19”ga qarshi emlanadimi?
— Bunday holatlarda vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi. Ya`ni OIV infeksiyasiga chalingan va autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida og`ir allergik reaksiyalari mavjud bo`lgan insonlarni emlash tavsiya etilmaydi.
Biroq har qanday holatda ham emlash to`g`risidagi qaror tibbiy ko`rik natijasida qabul qilinadi. Mabodo emlashga monelik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko`rik o`tkazayotgan shifokor albatta unga e`tibor qaratadi.
— Vaksinasiyadan so`ng ham tibbiy niqob taqish zarurligi aytilmoqda. Bunda vaksina olgan kishilar ham virus tashuvchi bo`lish ehtimoli borligi nazarda tutilganmi? Qanday hollarda tibbiy niqob taqmaslik mumkin?
— Koronavirusga qarshi immunitet vaksinaning ikkinchi dozasi olinganidan so`ng 3 hafta o`tib paydo bo`ladi. Shu davr ichida odam kasallikdan to`liq himoyalanmagan bo`ladi. Shu bois, har bir emlangan inson profilaktika choralarini ko`rishi kerak.
Bundan tashqari, mamlakatimiz hududida tibbiy niqob taqib yurish tartibi hozircha bekor qilingani yo`q. Emlanganmi yo`qmi – tibbiy niqob barcha uchun majburiy. Agar inson yolg`iz bo`lsa, tevarak-atrofida katta radiusda boshqa bir muloqotchi bo`lmasa, tabiiyki, bunday vaziyatda yon-atrofda koronavirus yuqish va yuqtirish xavfi bo`lmaydi. Bunday holatda o`z-o`zidan tibbiy niqob taqishga ehtiyoj qolmaydi.






