AsosiyJamiyat

​SSV: “Tez yordam" xizmatida mehnat qilayotgan shifokorlar soni 13 yarim ming nafardan oshdi

'​SSV: “Tez yordam" xizmatida mehnat qilayotgan shifokorlar soni 13 yarim ming nafardan oshdi'ning rasmi

2021 yilning ayni shu davriga kelib, “tez yordam” xizmatida mehnat qilayotgan shifokorlar soni 13 ming 660 nafarga etdi va sohani ushbu kadrlar bilan ta`minlanganlik darajasi 90 foizni tashkil qilmoqda.

Ma`lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy tibbiyotning eng muhim yo`nalishi bo`lgan tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish, sohani etuk va malakali kadrlar bilan ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Boisi, bundan 4-5 yil avval tez tibbiy yordam xizmatida kadrlar masalasi eng og`riqli muammolardan biri edi. Shu bois, keyingi yillarda aynan mazkur yo`nalishda izchil islohotlar amalga oshirilib, “103” xizmatini etuk va malakali tibbiyot xodimlari bilan ta`minlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga jiddiy e`tibor berildi.

Natijada 2021 yilning ayni shu davriga kelib, sohada faoliyat olib borayotgan shifokorlar soni 13 ming 660 nafarga, ta`minlanganlik darajasi esa 90 foizga etdi.

Jumladan, bu ko`rsatkich Namangan va Buxoro viloyatlarida 100 foiz, Samarqand viloyatida 99 foiz, Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Andijon viloyatida 96 foizni tashkil qilmoqda.

“103” xizmatida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning 2289 nafari yuqori malaka toifasiga, 2385 nafari 10-20 yillik, 2057 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega.

Shuningdek, hozirgi paytda “tez yordam” xizmatini reanimatolog-shifokorlar bilan ta`minlash borasida ham ijobiy ko`rsatkich qayd etilib, tizimda faoliyat olib borayotgan ushbu mutaxassislar soni 661 nafarga etkazildi. Bu borada eng yaxshi ko`rsatkich Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hissasiga to`g`ri kelib, mazkur hududlarda “103” xizmati to`liq ushbu mutaxassislar bilan ta`minlangan.

Shu bilan birga, bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan o`rta tibbiyot xodimlari 28 ming 408 nafar, ta`minlanganlik darajasi 98 foizni tashkil qilmoqda.

Aytish lozimki, ularning 5361 nafari yuqori malaka toifasiga, 5637 nafari 10-20 yil, 4145 nafari esa 20 yildan ortiq ish stajiga ega bo`lgan o`rta tibbiyot xodimlaridir.

    Boshqa yangiliklar