“E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Bunda:
- ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
- ob`ektlarni auksionga chiqarish uchun to`lanadigan yig`im bekor qilinadi;
- auksion o`tkazish to`g`risidagi xabar u o`tkaziladigan kundan 30 kun oldin e`lon qilinadi;
- xabar e`lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob`ektni sotib olish bo`yicha auksion qadamiga bog`lanmagan o`z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;
- sotilgan ob`ektning qiymati BHMning 5 ming baravarigacha bo`lganda, to`lovlarni 10 ish kuni, 5 ming baravariga teng yoki undan ortiq bo`lganda to`lovlarni 15 ish kuni mobaynida to`lash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
- auksion g`olibi to`lovlarni to`lashdan bosh tortgan taqdirda, g`olib hamda uning to`g`ridan-to`g`ri ta`sischilari auksionlardan chetlatiladi (to`lovlarni to`lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga).
- auksionga chiqarilgan ob`ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
️Mazkur tartib elektron savdo platformasi orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi belgilangan barcha turdagi aktivlarga nisbatan tatbiq etiladi.






