“O`zavtosanoat” AJ Bu Anderssonni o`zining eng yirik korxonalari – “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ larning bosh direktori etib tayinladi.
Ma`lum qilinishicha, Shvesiya harbiy akademiyasining hamda Garvard universitetining oliy menejment programmasi bitiruvchisi, Stokgolm universitetining biznes boshqaruvi bakalavri bo`lmish Bu Andersson avtomobilsozlik sohasidagi eng ilg`or top-menedjer bo`lib, avtomobilsozlik sohasidagi faoliyatini 1987 yildan Shvesiyaning «Saab Automobile AB» kompaniyasida boshlagan.
1993 yildan 2009 yilgacha xarid yo`nalishida turli rahbar lavozimlarni egallagan va 2001-2009 yillarda “General Motors”ning global xarid bo`linmasiga rahbarlik qilgan.
2009 yildan 2013 yilgacha “Gruppa GAZ” korxonasiga prezident etib tayinlanadi. Bu davrda Andersson “Gruppa GAZ” biznesini zarardan barqaror foydaga olib chiqishga erishadi.
2014 yildan 2016 yilgacha “AvtoVAZ” OAJ prezidenti etib tayinlanadi. “Gruppa GAZ”da bo`lgani kabi, Andersson “AvtoVAZ”da ham to`liq transformasiyani amalga oshirdi.
“AvtoVAZ”ni tark etgach, Andersson eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri bo`lgan “Yazaki Europe, Africa, North & South America” korporasiyasiga 4 yil rahbarlik qiladi.
Adam Smit xalqaro avtomobil forumida Bu Andersson Rossiya avtomobilsozlik sanoatida “2010 yilning eng yaxshi etakchisi” deb topilgan. 2011 yilda Andersson Evropa avtomobilsozlik sanoatining eng muvaffaqiyatli rahbarlarini aniqlash uchun “Automotive News Europe” tomonidan har yili o`tkaziladigan “Eurostars” mukofotida “Rivojlanayotgan bozorlar bo`yicha Evropa avtomobil sanoatining eng yaxshi etakchisi” deb topiladi.
2012 yilda Bu Andersson Evropaning avtomobilsozlik sohasidagi etakchi nashriyoti bo`lgan “Automotive Supply Chain”dan “GAZ Gruppasi”ni inqirozdan keyin moliyaviy holatini tiklagani va Rossiyaning engil tijoriy vositalar bozorida kompaniyaning etakchiligini ta`minlagani uchun “Eng yaxshi yutuqlar” mukofotiga sazovor bo`ladi.
Bu Inge Andersson MDH mamlakatlaridagi avtomobil konsernlarini boshqarish va inqirozlar davrida erishgan muvaffaqiyatlari va katta tajribasi “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyalariga yarimo`tkazgichlar tanqisligi va logistika muammolari bilan bog`lik global inqirozlarini eng kam yo`qotish bilan engishga, hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizasiyalashning yangi yo`nalishini egallashga imkon beradi.
Ma`lumot uchun: “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ O`zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi davlatga qarashli "O`zavtosanoat" AJning yirik sho`ba korxonalari bo`lib, “General Motors” bilan texnik lisenziya shartnomasi asosida “Chevrolet” engil avtomobillarini ishlab chiqaradi.
2018 yildan boshlab “UzAuto Motors” yirik trasformasiya jarayonini boshdan kechirib, zarardan barqaror foyda keltiradigan biznesga aylandi. 2020 yildagi pandemiyaga qaramasdan, “UzAuto Motors” o`z ishlab chiqarishini 281 ming dona avtomobilga erishdi.
2020 yildan buyon “Uzavtosanoat” “Boston Consulting Group” bilan hamkorlikda o`zining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqib, 2021 yil aprelida qo`shma Trasformasiya Ofisini tashkil etgan.






