Bugun, 23 avgustdan boshlab butun respublika bo`ylab o`qishni ko`chirish bo`yicha test sinovlari boshlandi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lum qildi.
Mazkur test sinovlari 23—25-avgust kunlari 2-smenada — soat 18:00 dan 21:00 ga qadar bo`lib o`tadi.
Quyidagi toifadagi talabalar o`qishini ko`chirish uchun test topshirishlari mumkin:
— Xorijiy OTMdan O`zbekistondagi davlat OTMga ko`chirish uchun;
— O`zbekistondagi xorijiy oliygohlar, ularning filiallari hamda nodavlat xususiy OTMdan davlat OTMga ko`chirish uchun.
Bir davlat oliy ta`lim muassasidan boshqasiga yoki bir oliy ta`lim muassasi ichida boshqa yo`nalishga o`qishni ko`chirishda imtihon olinmaydi. Mos va turdosh yo`nalish bo`lsa, uzrli sabab bor bo`lsa, bazaviy (oddiy) kontrakt asosida ko`chiradi, uzrli sabab bo`lmasa yoki yo`nalish mos va turdosh bo`lmasa, bir marta to`lanadigan super-kontrakt asosida ko`chiradi.
Talabgorlar test sinoviga shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim.
Test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani DTMning transfer.dtm.uz saytidan yuklab olish mumkin.






