1 sentyabrdan nimalar o`zgaradi?
1. Haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi.
Elektron shaklga o`tkazish orqali quyidagi hujjatlarni haydovchilardan talab etish tartibi bekor qilinadi:
● avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan);
● texnik ko`rikdan o`tkazilganligi to`g`risidagi ma`lumot;
● avtotransport vositalari oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma.
2. Elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi.
Bunda:
➖ ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
➖ ob`ektlarni auksionga chiqarish uchun to`lanadigan yig`im bekor qilinadi;
➖ auksion o`tkazish to`g`risidagi xabar u o`tkaziladigan kundan 30 kun oldin e`lon qilinadi;
➖ xabar e`lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob`ektni sotib olish bo`yicha auksion qadamiga bog`lanmagan o`z narx taklifini kiritish huquqi beriladi.
3. Xorijiy tillarni o`qitish bo`yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni rag`batlantirish maqsadida Prezident sovrini ta`sis etiladi.
Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumta`lim maktablari o`rtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etilgan holda:
- birinchi bosqich – tuman va shaharlarda o`tkazilib, g`oliblar 100 mln so`mgacha;
- ikkinchi bosqich – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkazilib, g`oliblar 250 mln so`mgacha;
- uchinchi bosqich – respublika miqyosida o`tkazilib, g`oliblar 500 mln so`mgacha pul mablag`lari bilan mukofotlanadi.






