Andijon viloyatining Bo`ston tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Bugun, 24 avgust xalq deputatlari Bo`ston tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi. Sessiyada tashkiliy masala ko`rildi.
Sessiyada viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov so`zga chiqib Bo`ston tumani hokimi lavozimiga Qo`rg`ontepa tumani “El rizqi non” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari vazifasida ishlab kelgan Sanobar Nosirova nomzodini tavsiya etdi. Ovozga qo`yish natijalariga ko`ra, S.Nosirova Bo`ston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.
Sanobar Nosirova 1970 yil Andijon viloyati, Qo`rg`ontepa tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti oliy, 1992 yilda Andijon paxtachilik instituti, 2005 yilda Andijon muhandislik va iqtisodiyot institutini tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida “G`allabank” Qo`rg`ontepa tumani filiali boshqaruvchisi, “Buyuk turon invest” kredit uyushmasi ijrochi direktori, “Yagona hamkor nuri” MChJ rahbari sifatida ishlagan. 2016 yildan hozirgi vaqtga qadar “El rizqi non” MChJ rahbari bo`lgan.
Ma`lumot uchun:
Joriy yilning iyul oyi oxirlarida Bo`ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova vafot etgan edi.






