Vaksinalar DNKga ta`sir qiladimi? Emlash inson genomiga ta`sir ko`rsata oladimi? Koronavirusga qarshi vaksinaning nojo`ya ta`siri qanday aniqlanadi?
Vaksinaning nojo`ya ta`siri 10 yildan keyin yoki undan ko`p vaqt o`tgach paydo bo`lishi mumkinmi?
Biotexnolog, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullaev shu va boshqa savollarga javob berdi.
— Vaksinalarning genomga ta`siri 20 yildan oshiq o`rganilmoqda. Bugungi kundagi ma`lumotlarga ko`ra, vaksinalar genomga o`rnashmaydi. Rekombinant, m-RNK va adenovirus vaksinalari DNKga hech qanday ta`sir ko`rsatmaydi. Vaksina dizaynini ishlab chiqish bo`yicha ma`lum talablar mavjud. Vaksinaning hech qanday elementi konstruksiyaning yoki vektorning inson genomiga integrasiya qilishiga yordam bermasligi kerak.
Olimlar preparatlarni avval hujayralarda, keyin hayvonlarda sinab ko`rishadi. Har bir bosqichda preparat bo`laklari genomga integrasiyalashmayotgani tekshiriladi. Doimiy monitoring o`tkaziladi. Tadqiqotlar maqolalarida biz inson genomida emlash qoldiqlari yoki bo`laklari yo`qligini ko`ramiz. Vaksinalar shunday tuzilganki, ular hujayraga kirgandan so`ng kerakli mahsulotga aylanadi, so`ngra immunitet tizimi tomonidan hujayra bilan birga yo`q qilinadi va tanadan chiqariladi.
"Aniq bo`lmagan ma`lumotlarga asoslanib xulosa chiqarish mumkin emas. Bu xuddi emlanganlar avariyalarda vafot etadi deyish bilan barobar. To`laqonli tadqiqot olib borish zarur. Agar bir necha o`nlab yoki yuzlab million odamlardan mingtasi qandaydir patologiyaga duchor bo`lgan bo`lsa, xuddi shu oqibatlardan emlanmagan qancha odam halok bo`lganiga ham e`tibor qarating", — deydi u.