AsosiyJamiyat

Akmal Saidov Evropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakilini qabul qildi

'Akmal Saidov Evropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakilini qabul qildi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari A.Saidov Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili T.Hakalani qabul qildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash, radikallashuvga qarshi kurash, parlament rolini kuchaytirish va fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Teri Hakala O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojini, xususan, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risida yangi bitim tuzish bo`yicha olib borilayotgan muzokaralarni yuqori baholadi.

 ­–O`zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Yaqinda Toshkentda bo`lib o`tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog`liqligi bo`yicha xalqaro konferensiya, shuningdek, Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvi so`zlarimning isbotidir, – dedi T.Hakala. –  Inson huquqlari, gender tengligi va boshqa qator sohalarda islohotlar qilinmoqda, davlatingiz oqilona qarorlari tufayli har tomonlama rivojlanish yo`lida. Ta`kidlashim kerak, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi O`zbekiston Evropa Ittifoqi uchun muhim sherik hisoblanadi.

Tomonlar Afg`onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat bilan bog`liq imkoniyatlarni ham ko`rib chiqdi, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan tahdidlardan xavotir bildirildi.

Uchrashuvda tomonlar O`zbekiston – EI parlamentlararo konstruktiv muloqotini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

EIning Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili 2022 yilda O`zbekistonda fuqarolik jamiyati, shuningdek, yoshlar mintaqaviy forumini o`tkazishni taklif qildi.

Suhbat yakunida O`zbekiston-Evropa Ittifoqi Parlament hamkorlik qo`mitasining navbatdagi majlisini o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar