AsosiyJamiyat

O`qituvchilar uchastka saylov komissiyalari a`zoligiga qanday jalb qilinadi?

'O`qituvchilar uchastka saylov komissiyalari a`zoligiga qanday jalb qilinadi?'ning rasmi

 

Bu yil O`zbekiston ahli muhim siyosiy voqelik – Prezident saylovi arafasida turibmiz. O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida nazarda tutilgan siyosiy jarayon ‒  2021 yil 24 oktyabr kuni o`tkaziladigan davlat rahbari saylovi har birimizning taqdirimizga bevosita bog`liq voqelik hisoblanadi.

O`zbek xalqi Prezident timsolida o`z yo`lboshchisi, davlatning ichki va tashqi siyosatidagi eng muhim masalalarni hal qiluvchi, xalqimiz va yurtimizning xavfsizligi va tinchligini ta`minlovchi liderni ko`radi.

Bu jarayonda saylov qonunchiligi talablarini so`zsiz, aniq va bir xilda ijro etilishini ta`minlashda uchastka saylov komissiyasi a`zolari zimmasiga yuksak mas`uliyat yuklaydi. O`z navbatida uchastka saylov komissiyalari o`z vakolatlarini qonunga qat`iy rioya qilgan holda  og`ishmay o`z vaqtida va aniq bajarishi saylov kampaniyasining muvaffaqiyatli o`tkazilishi bilan chambarchars bog`liqdir. 

Qayd etib o`tish lozimki, saylov komissiyasi faoliyatiga mas`ullarni jalb qilish ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan keng muhokama qilindi. Ayrim foydalanuvchilar tomonidan “O`qituvchilar uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga majburan jalb qilinmoqda”, “Uchastka saylov komissiyasi a`zolari mehnatiga haq to`lash paysalga solinadi” mazmunidagi fikrlar bildirilgan. Yurtimizdagi Prezidentlik saylov kampaniyasiga fuqarolarning shaxsiy pozisiyasini bildirish amaliyoti  ochiqlik siyosatini ko`rsatib turibdi. 

Bu borada, quyidagi muhim jihatlar saylov jarayoniga jalb qilingan, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi a`zolari mehnatiga haq to`lash, xarajatlarning o`rnini qoplash to`g`ri yo`lga qo`yilganini yaqqol ko`rsatib turibdi. 

Birinchidan, saylovlarga puxta tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazishni oqilona moliyalashtirish maqsadidasaylov jarayonini moliyalashtirish tartibiga o`zgartirish kiritilib, saylov komissiyalarining xarajatlar smetalari Saylov o`tkaziladigan yilning birinchi choragida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilishi belgilandi. Bu esa o`z o`rnida, saylovni moliyalashtirish bilan bog`liq tayyorgarlik jarayonini engillashtirishga xizmat qildi. 

Ikkinchidan, uchastka saylov komissiyalari a`zosiga yuklatilgan vakolatlarning keng ko`lamligi va mas`uliyatliligidan kelib chiqib, ularga muayyan talablar belgilangan. Ya`ni, hamma ham uchastka saylov komissiyalari a`zosi bo`lavermaydi. Xususan, komissiya a`zoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga to`lgan bo`lishi, o`rta yoki oliy ma`lumotga egaligi, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish borasida ish tajribasiga egaligi va eng asosiysi aholi o`rtasida obro`-e`tibor qozongan fuqarolar bo`lishi muhim hisoblanadi.

Uchinchidan, Saylov kodeksining 25-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi a`zolariga qo`yiladigan talablardan yana biri sifatida uchastka saylov komissiyasi a`zolarining yarmidan ko`pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligini aytish mumkin. 

Ya`ni, uchastka saylov komissiyasi a`zolarini shakllantirishda komissiya a`zoligiga nomzodlar tarkibiga nodavlat notijorat tashkilotlari, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari vakillari, huquqiy bilim va malakaga ega shaxslar, ya`ni yuriskonsultlar, advokatlarni, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarni ham kiritish tavsiya etiladi.

To`rtinchidan, uchastka saylov komissiyalari a`zolarining mehnatiga haq to`lash saylovni o`tkazish uchun ajratilgan mablag`lar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish davrida saylov komissiyasi a`zolariga O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida nazarda tutilgan kafolatlar qo`llaniladi. Ya`ni, xodimga saylov o`tkazish uchun ajratiladigan mablag`lar hisobidan o`rtacha oylik ish haqi to`lanadi.

Beshinchidan, uchastka saylov komissiyalarining a`zolariga  harajatlar smetasida ko`rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o`rnini qoplash maqsadida kompensasiya to`lanishi alohida belgilangan. Bu o`z o`rnida, ushbu shaxslarning saylov jarayonida o`ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishiga xizmat qiladi. 

Oltinchidan, qonunchilikda doimiy ish joyiga ega bo`lmagan uchastka saylov komissiyalari a`zolari, shu jumladan komissiya a`zoligiga jalb qilingan pensionerlarning mehnatiga haq to`lash masalasi ham e`tibordan chetda qolmagan. Bu borada, ushbu shaxslarga mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi to`lanishi belgilandi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, uchastka saylov komissiyalari va ularning a`zolarining milliy saylov qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritishi uchun huquqiy, iqtisodiy va ma`naviy zamin yaratilgan. 

Bekzod Narimanov

Toshkent davlat yuridik universiteti

Konstitusiyaviy huquq kafedrasi dosenti v.b.

Yuridik fanlari bo`yicha falsafa doktori

    Boshqa yangiliklar