Ijtimoiy tarmoqlarda “Xatirchi tumani, Uchqara MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan fermer bir nogiron ayolni uchastka nozirlariga urdirdi” nomli maqola e`lon qilindi. Holatga Viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudining 10.03.2021 yildagi “N.Ch.B” fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan 162-konturdagi o`zboshimchalik bilan fuqaro T.T tomonidan egallab olingan 1.0 gektar tokzor er maydonidan majburiy tartibda chiqarish bo`yicha qarori chiqarilib, ijroga qaratilgan.
Shuningdek, joriy yilning 2 iyul kuni Xatirchi tumani, Uchqora MFY hududida “N.Ch.B” fermer xo`jaligi raisi Ch.N fuqaro M.T va boshqalar bilan o`zaro janjallashib, bir-birlarini kamsituvchi so`zlar bilan haqorat qilib, tan jarohati etkazgan.
Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o`tkazilib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismi bilan ma`muriy ish qo`zg`atilib, to`plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudiga yuborilgan va sudning qaroriga asosan jarima jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 20 avgust kuni “N.Ch.B” fermer xo`jaligi raisi Ch.N er maydonidagi uzum mahsulotlarini yig`ishtirib olish maqsadida borgan vaqtida, fuqaro T.Tning o`zi bo`lmasada, turmush o`rtog`i M.T va uning o`g`li U.Tlar o`zboshimchalik bilan fermerga tegishli bo`lgan uzum mahsulotlarini yig`ib, xirmonga yoyib qo`yganligini ko`rib, tuman IIB HPB profilaktika inspektoriga qo`ng`iroq qilib, uzum hosilini olib ketishda janjal bo`lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, vaziyatni aytganligi sababli tuman IIB HPB profilaktika inspektorlari voqea joyiga etib borishgan.
IIB HPB profilaktika inspektorlari xirmondagi mahsulotlarni dalolatnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida fuqaro M.T qo`liga tayoq ko`tarib kelib, fermer xo`jaligi raisi Ch.Nni o`rmoqchi bo`lgan vaqtida profilaktika inspektori uni qaytarib qolish uchun qo`lidan ushlab, tayog`ini olib qo`yganligi aniqlangan.






