Fermerlar huquqlarini tushuntirish va himoya qilish maqsadida tashkil etilgan “Fermerga madad” aksiyasi doirasida adliya organlari tomonidan o`tkazilgan huquqiy monitoring sohada bir qator muammo va kamchiliklar borligini ko`rsatdi.
Aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, ta`minot va xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar o`rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlangan.
Fermer erdan foydalanishining huquqiy asosi er ijara shartnomasida belgilanadi. Monitoringda 565 ta holatda fermerlar bilan er ijara shartnomasi tuzilmaganligi, 794 ta holatda er ijara shartnomasining nusxasi fermerlarga berilmaganligi aniqlangan.
Er ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qo`l keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan erni olib qo`yishi yoki erdan foydalanish fermerga istalgan qo`shimcha talabni qo`yishi mumkin, natijada fermer mas`ullar xatti-harakati yuzasidan sudga shikoyat qilishda muammoga duch keladi.
Fermer mahsulotni sotish bo`yicha kontraktasiya shartnomasi, faoliyati uchun zarur o`g`it, yoqilg`i, o`simliklar himoyasi vositalarini va boshqa mahsulotlarni harid qilish, kredit, mexanizasiya kabi xizmatlardan foydalanish bo`yicha 20 dan ortiq korxona, tashkilotlar bilan shartnoma tuzib ishlaydi. Ushbu shartnomalar o`z vaqtida va taraflar uchun teng shartlarda tuzilsa, munosabatlarda huquqiy aniqlik va o`zaro manfaatli hamkorlik ta`minlanadi.
Lekin o`rganishlar ko`pchilik holatlarda tayyorlovchi, ta`minotchi va xizmat ko`rsatuvchi korxonalar o`zlarining monopol mavqeidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganligini ko`rsatmoqda.
Xususan, aksiyaning dastlabki 1 oyida o`tkazilgan o`rganishlarda tayyorlovchi, ta`minotchi va xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar o`rtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatlarda kechikib tuzilganligi, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xo`jaligi bo`limlaridan ro`yxatdan o`tmaganligi aniqlangan.
Masalan, Shahrisabz tumanida 2021 yilda 137 tonna pilla sotish bo`yicha tuzilgan 456 ta shartnomalar tuman qishloq xo`jaligi bo`limidan ro`yxatdan o`tmagan.
Ma`lumki, ro`yxatdan o`tmagan shartnomani istalgancha o`zgartirish va unga tuzatishlar kiritish mumkin yoki uni davlat organi tomonidan monitoring qilish imkoniyati bo`lmaydi. Albatta, bunday o`zgartirishlar fermer foydasiga bo`lmasligi aniq.
Shuningdek, monopol mavqeidan foydalanib fermerlar etishtirgan mahsulotlar 7 531 ta holatda kontraktasiya shartnomasi tuzmasdan olib ketilgan.
Masalan, Xatirchi tumanidagi “DYNAMIC ELEKTRONICS” MChJ klasteri tomonidan “Baxtiyor Ergash bog`i”, “Xurshid-94”, “Sayyod”, “Davron Farxod muxosibi” kabi 17 ta fermer xo`jaliklaridan g`alla xarid shartnomasi tuzilmasdan qabul qilingan.
“Buxoro agroklaster” MChJ klasteri tomonidan Kogon tumanida 13 ta holatda bo`sh, to`ldirilmagan shartnoma imzolatib, ularning bir nusxasi fermerlarga taqdim qilinmasdan, etishirilgan g`alla olib ketilgan.
Respublika bo`yicha 24 mingdan ortiq fermer xo`jaliklariga 180 mlrd. so`mdan ortiq mablag`lar o`z vaqtida to`lab berilmagan.
Jumladan, fermerlardan paxta to`qimachilik klasterlari 39 mlrd. so`m, “Qishloqxo`jalikkimyo” AJ korxonalari 36 mlrd. so`m, g`allachilik klasterlari 34 mlrd. so`m, don korxonalari 27,6 mlrd. so`m, neft korxonalari 17 mlrd. so`m qarzdor.
Misol uchun, “Navoiy agrokimyohimoya” HAJ Karmana tuman filialining 68 ta shartnoma bo`yicha 196,1 mln so`mlik, “MMTP” MChJning 57 ta shartnoma bo`yicha 271,8 mln so`mlik muddati o`tgan qarzdorligi yuzaga kelgan.
G`allachilik klasterlarining Toshkent viloyatidagi 859 ta fermer xo`jaliklariga 12 mlrd. so`m, Muborak tumanida 4,2 mlrd. so`m, Angor tumanida 3,9 mlrd. so`m, Kasbi tumanida 3,7 mlrd. so`mlik etkazib berilgan g`alla pullari to`lab berilmagan.






