Aholining davlat xizmatlariga bo`lgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida Nishon tumanida yangi markaz binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur bino eng zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlandi. Endi markazga tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari keng, yorug` va shinam xonalarda, qulay sharoitda ko`rsatiladi.
Nishon tumanida 158 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Markaz orqali aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga joriy yilning shu kuniga qadar jami 20 mingdan ziyod davlat xizmati ko`rsatildi. Yangi binoda aholiga xizmat ko`rsatish sifati yana-da oshishi ko`zda tutilgan.
Markazda aholiga bir vaqtning o`zida 170 ga yaqin tezkor, qulay, shaffof davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Elektron navbat olish uchun infokiosk, 10 ta qabul oynasi, kutish joylari, mo`jazgina kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet, tuman adliya bo`limi, investorlar uchun alohida xona, bank shahobchasi tashkil etildi. Elektron navbat tizimi 5 ta monitorda aks etib turadi. 4 ta o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish uchun maxsus burchaklar ham tashkil etilgan. Shuningdek, markaz binosida Bosh vazir qabulxonasi ham joylashgan.
Qayd etish kerak, markazda imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Bir so`z bilan aytganda, har bir fuqaroga — alohida e`tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.






