Poytaxtimizdagi "Yangi O`zbekiston" majmuasidagi amfiteatrda Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag`ishlangan bayram shodiyonalari boshlandi.
Unda senatorlar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari mas`ullari, ilm-fan, madaniyat sohasi fidoyilari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etmoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bayram nutqini so`zlamoqda.
Mustaqillik bayrami – bu qutlug` kun shukuhi necha yil o`tsa hamki qadrini yo`qotmaydi. Tiriklik qadar mangu davom etadi. Xalqimizning, ota-bobolarimizning ko`p yillik orzusi ushalganiga – Vatanimiz ozodlikni qo`lga kiritganiga ham 30 yil bo`ldi. Mustaqil o`tgan yillar sarhisobi behisob va mazmunli. Birgina keyingi, xususan, 2021 yilda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko`lami ham g`oyat kengdir.
– Ko`p millatli O`zbekiston xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o`ttiz yillik to`yini zo`r shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. “Yangi O`zbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bog`da biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini o`tkazmoqdamiz. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, o`zimning samimiy va ezgu tilaklarimni bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.
Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.