2000 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari tashkil etildi, deya xabar bermoqda, Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.
Hududlarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, mahallalarda sog`lom turmush tarzini qaror toptirish, bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun oila shifokori va “tibbiy brigadalar” “mahallabay” ishlash tizimiga o`tkazildi.
Birlamchi tizimda aholini tibbiy xizmat bilan to`la qamrab olish maqsadida qo`shimcha 10 mingta o`rta tibbiyot xodimi uchun shtatlar ajratildi. Shu bilan birga, 32,5 million nafar aholi tibbiy xatlovdan o`tkazilib, 7,2 million nafar kasallik aniqlangan shaxslardan 3,2 million nafari sog`lomlashtirildi.
Qolaversa, 506 ming nafar 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutrient kukuni, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan 495 ming nafar bolaga “A” vitamini, 2-10 yoshdagi 6,2 million nafar bola uchun gelmintoz profilaktikasi bo`yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta`minlanishi joriy etilib, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag` 2,4 ming so`mdan 15 ming so`mga oshirildi.
Albatta, sog`liqni saqlash sohasidagi bu kabi ijobiy o`zgarishlar, eng avvalo, xalqimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish, ertangi kunga bo`lgan ishonchini mustahkamlashdek ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.