Qanday kasalliklar xotirani susayishiga sabab bo`ladi?

Salomatlik 03.09.2021, 11:38
Qanday kasalliklar xotirani  susayishiga sabab bo`ladi?

SSV Matbuot xizmati xotira susayishi bilan bog`liq savollarga javob olish maqsadida tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor G`ofurovga murojaat qildi:

 

— Olimlar tomonidan xotirani o`rganish borasida olib borilayotgan elektrofiziologik, biokimyoviy, gistokimyoviy, biofizikaviy tadqiqot ishlariga ko`ra kiritilayotgan yangiliklar fan va texnikada ulkan yutuqlarga olib kelayotgan bo`lsa-da, miya faoliyati, shu jumladan, xotirani o`rganishning juda ko`p jihatlarida uchrayotgan muammolar echimsiz qolmoqda. Aslida xotiraning kuchi, unda ma`lumotlarning saqlanish muddatlari, qayta tiklanib, ma`lum xulosa va tushunchalarga olib kelishida har kimning nasldan-naslga o`tuvchi genetik dasturlangani o`ziga xos muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga ko`ra, teng yoshdagi kishilarning biri eshitgan, ko`rgan narsalarini uzoq vaqt yodida saqlab qolsa, o`qigan she`rlarini tez yodlab ola bilsa, til o`rganishga chechan bo`lsa, boshqasida bunday qobiliyatlar kuchsizroq bo`ladi.

 

Yosh ortib borishi bilan xotira susayishi turlicha shaklda kechishi mumkin.

 

Masalan:

  • dismneziya (esda saqlab qolishning buzilishi);
  •  amneziya (oldin bilgan narsalardan ayrim fragmentlarning yo`qolishi);
  •  demensiya (miyada qon aylanishining buzilishi bilan zehnning pasayishi);
  •  Alsgeymer (xotiraning yo`qolib, odam o`z uyi, yaqin kishilarini taniy olmasligi, ismi-sharifini ham esdan chiqarib qo`yishi);
  • Parkinson (mushaklar tarangligi, harakatning kamayishi, qo`l-oyoq titrashi, nutqning buzilishi).

 

Yuqoridagi singari noxush holatlarning oldini olishda jismoniy faollik, sog`lom ovqatlanish va miyani mashq qildirib turish muhim ahamiyat kasb etishi ko`pgina tadqiqotlarda isbotlangan.

 

Xotira va u bilan bog`lik jarayonlar nerv hujayralari va ulardan tashkil topgan nerv yadrolari faoliyati hisoblanib, ushbu vazifa qayd qilingan hujayralarning kislorod va tegishli oziq moddalari bilan ta`minlanish darajasiga bog`lik. Agar bu borada muammo bo`lmasa, ular o`z faoliyatini bemalol bajaraveradi.

 

Ma`lum sabablarga ko`ra, masalan, bosh miya qon tomirlarining torayishi yoki ularda qon etarli harakat qilmasa (masalan, davomli kamharakatlilik, ya`ni gipodinamiya, kuchli asabiylashish tufayli qon tomirlari toraysa yoki ularning yosh bilan bog`lik elastikligi kamaysa), nerv hujayralariga etarli kislorod, oziq moddalar etib bormaydi va unda hosil bo`lgan moddalar almashinuvi mahsulotlari – karbonat angidrid, azot birikmalari o`z vaqtida chiqarib yuborilmaydi. Bu hol nerv hujayralari faoliyatini, xotirada saqlash kabi murakkab psixofiziologik jarayonlarni yomonlashtiradi.

 

Uyqudan turganda xotira bilan bog`liq funksiyalar, masalan, biror voqea-hodisani aniq va ravshan aytib berish, tasvirlash ancha qiyin bo`ladi. Sababi — odam uzoq vaqt qimirlamasdan to`shakda yotganida miyaga qon borishi kamayadi, shu bois nerv hujayralaridan iborat nerv markazlari ishida susayish kuzatiladi. Kishi o`rnidan turib harakat qila boshlagach (badantarbiya, yuvinish singarilar), miyada qon aylanishi me`yoriga kelib, voqea-hodisalar batafsilroq esga tushadi.

 

Uyqudan keyin aqliy qobiliyat ma`lum darajada kuchayishining sababi ham miyada qon aylanishining dam olganidan keyin yaxshilanishidir.

 

Shuning uchun har kim (yoshi, jinsi, kasbini hisobga olgan holda) ma`lum jismoniy faollikni kanda qilmasligi muhim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1