Ijtimoiy tarmoqda «Fuqaro va YPX xodimi o`rtasida janjal» sarlavhasi ostida video tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB YHXB mas`ul xodimi tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazildi.
Tekshiruv xulosasiga ko`ra, fuqaro T.F. haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo`lsa-da, Nexia-3 rusumli avtomobilni boshqargani hamda fuqaro M.M. mazkur avtomobilni unga boshqarishga topshirgani bo`yicha rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma asosli deb topildi.
Xizmati davomida O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risida»gi nizom hamda ichki ishlar vazirining me`yoriy buyrug`i talablarini buzgani, shuningdek, O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo`yicha respublika maxsus komissiyasining qarori talablariga zid ravishda, jamoat joyida tibbiy niqob taqmaganligi uchun Andijon viloyati IIB YHXB YPX xodimi D.Qo`shboevga tanbeh intizomiy jazosi qo`llanilishi belgilandi.






