AsosiyJamiyat

“ArMI-2021”: VII Xalqaro armiya o`yinlarini O`zbekiston rekord natija bilan yakunladi

'“ArMI-2021”: VII Xalqaro armiya o`yinlarini O`zbekiston rekord natija bilan yakunladi'ning rasmi

Kecha, 4 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” parkida VII Xalqaro armiya o`yinlarining tantanali yopilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Joriy yilning 22 avgust kunidan 4 sentyabriga qadar o`tkazilgan “ArMI – 2021” Xalqaro armiya o`yinlarida ishtirok etgan milliy armiyamiz o`g`lonlari jonajon yurtimizning qudrati va salohiyatini yana bir bor, to`la-to`kis ko`rsata oldi.

Dunyoning 11 ta davlati hududida o`tkazilgan musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, boshqacha aytganda 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar o`zaro kuch sinashdi. E`tiborli jihati shundaki, O`zbekiston Respublikasi jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo`nalishi bo`yicha munosib ishtirok etdi.

Ta`kidlash joizki, mazkur bellashuvlar davomida vakillarimiz 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-o`rinni egalladi.

Xususan,

“Sodiq do`st” erkaklar jamoasi – 1 ta oltin;

“Sodiq do`st” ayollar jamoasi – 1 ta oltin;

“Harbiy-tibbiy estafeta” jamoasi – 1 ta oltin;

“Dala oshxonasi” jamoasi – 1 ta oltin medallarni qo`lga kiritdi.

Kumush medallarga sazovor bo`lgan jamoalarimiz quyidagilar:

“Elbrus halqasi”;

“Merganlik marrasi”;

“Otliq marafon”;

“Qurolsoz usta”;

“Xavfsiz muhit”;

“Muhandislik formulasi”;

“Xavfsiz marshrut”;

“Qutb yulduzi”;

“Qo`shinlar razvedka a`lochisi”.

Shuningdek, murosasiz kechgan bellashuvlar davomida bronza medalini qo`lga kiritgan jamoalarimiz bilan ham tanishing:

“Avtozirxli tank-texnika ustasi”;

“Ishonchli qabul”;

“Yo`l patruli”;

“Sayan yurishi”.

Aytish kerakki, mazkur musoboqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo`lib, shundan 10 tasi O`zbekiston Respublikasi hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston hisobida esa 2 tadan.

Xususan, “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida vakillarimiz 3 ta rekord natijalarini yangiladi.

Qizg`in va murosasiz kechgan “Elbrus halqasi” musobaqasida ham yurtdoshlarimiz mamlakatimiz sha`nini munosib himoya qildi. Jumladan, kichik serjantlar Sanjar To`qliev, Abdumuxtor Abdug`aniev va Azimjon Ibragimovlar “Tog` to`siqlar yo`lagi” shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, rekord natija ko`rsatgan bo`lsa, “Muzli hududdan o`tish” shartini ado etishda ham jamoamiz peshqadamlik qildi. O`g`lonlarimiz mazkur vazifani 11 daqiqayu 37 soniyada uddalab, rekordlar seriyasini davom ettirdi.

“Sodiq do`st” jamoasida serjant Ulug`bek Nurillaev “300 metrlik to`siqlarni xizmat itlari bilan o`tish” shartida 1 daqiqa 13 soniya bilan bosib o`tib, tengsiz ekanini amalda namoyon etdi hamda rekord o`rnatdi.

“Merganlar marrasi” musoboqasining “Yakka sinov” bellashuvida kichik serjant Fazliddin Kirgizov “Mo`ljalga olish nuqtasini o`zgartirib otish” mashqini 15 daqiqayu 6 soniyaga bajarib, yangi rekord natija ko`rsatdi.

    Boshqa yangiliklar