AsosiyJamiyat

Jurnalist kiritilmagan Sirdaryo viloyati Ma`muriy sudi qarorida “ochiq” sud bo`lgani aytilmoqda

'Jurnalist kiritilmagan Sirdaryo viloyati Ma`muriy sudi qarorida “ochiq” sud bo`lgani aytilmoqda'ning rasmi

Gap shundaki, tahririyatimizga murojaat qilgan tadbirkor-investor He Jibiaoning (Xitoy) murojaati asosida shu yilning 24 avgust kuni bo`lib o`tgan sud majlisida qatnashish uchun biz ham Sirdaryo viloyati Guliston shahriga yo`l oldik. Sirdaryo viloyati ma`muriy sudi binosiga kirar ekanmiz, barcha aloqa vositalarimizni topshirib kirishimiz so`raldi. Kamina jurnalist ekanligim, telefonim – bu ish qurolim ekanligini ta`kidlab, ochiq sud majlisida kuzatuvchi-jurnalist sifatida qatnashmoqchiligimni aytdim.

Hammasi shundan boshlandi. Soat 10:10. Bo`lishi kutilayotgan sud ishtirokchilarini ichkariga olib kirayotgan vakil mendan kutib turishimni so`radi. Ichkariga kirib ketdi. Soat 10:20 larda chiqib kelib, mendan xizmat guvohnomamni berib turishimni so`rab, sud raisi so`rayotganini, ko`rsatib, qaytib olib chiqishini aytdi. Garchi bunga haqlari bo`lmasa-da va men ham o`zimga tegishli guvohnomani birovning qo`liga tutqazishga majbur bo`lmasam-da, tezroq ichkariga kirish uchun berib yubordim. Hujjatni berar ekanman, jurnalist ekanligim, ichkariga kirishim zarurligi, tadbirkorlarga va ayniqsa, investorlarga davlat rahbari darajasida e`tibor qaratilayotgan bir paytda (Prezident va tadbirkorlar uchrashuvini misol qilib ham keltirdim) tadbirkorning buzilayotgan huquqlarini tiklashda holislik kerakligini ta`kidlab ham o`tdim. Soat 10:35. Ichkaridan sado yo`q.

Mening hujjatim bilan ular ichkarida nima qilishayotgani menga qorong`u edi. Ochiq sudga kirish shunchalik muammo ekanligini esa Sirdaryoga kelib ko`rdik. Nihoyat, sud vakili chiqib keldi. Endi ichkariga kiramanmi, deb tursam, yana kutib turishimni, tomonlar jurnalistning sudda qatnashishini so`rab, iltimosnoma kiritganlaridan so`nggina ichkariga kirishim mumkinligini aytdi. Bunisiga ham indamaygina kutdik. 

Soat 10:40, 11:40, 12:20 bo`lmoqdaki, hamon ichkaridan sado yo`q. Bu orada bino qorovullaridan ichkaridan biror vakil chaqirishlarini so`radim. Ichkaridan chiqqan devonxona vakili sud prosessi boshlanib ketgani, sudga aralasholmasligini aytib kirib ketdi. Qariyb ikki soat “ochiq” sud majlisini binoga kirish qismi o`rindiqlarida o`tkazdim. Nihoyat, 12:30 lar atrofida ichkaridan birma-bir chiqib kela boshlashdi. Mazkur sud majlisida ishtirok etgan prokurordan nega ichkariga kiritilmaganim, hatto, sababi ham tushuntirilmasdan kuttirilganim haqida so`raganimda, bu bo`yicha izoh bera olmasligini, hademay sud raisi chiqishini va o`zi izoh berishini aytib, ichkariga kirib ketdi. Tabiiyki, sudga raislik qiluvchi A.Ahmedov ham, uning birorta vakili ham bizga bu borada hech qanday izoh keltirmadi. 

Huquqlari buzilib kelayotgan investorning zarariga chiqarilayotgan mujmal javoblar, ajrimlarga qarshi murojaatchining o`zida ham, kaminada ham, o`nlab asoslar bor edi. Jurnalistning OChIQ sud majlisiga kiritilmasligi, murojaatchining turli asoslari inobatga olinmasligi, hatto, Prezident qarorlari bandlari davlat idorasining (javobgar Guliston shahar Davlat soliq inspensiyasi) foydasiga moslashtirib kelinayotgani turli shubhalarni oshirib kelayotgani sababli, bu mavzuga nuqta qo`yish maqsadida Sirdaryo viloyati Ma`muriy sudidan adolat istab istab borgan edik. 

Ammo, lekin, biroq shubhalar nafaqat barham topdi. Balki, ular yanada ortdi. Murojaatchiga kuni kecha etib kelgan Sirdaryo viloyati ma`muriy sudi appelyasiya instansiyasining qarorida esa, na Prezident qaroridagi talablar qanoatlantirilgan, na murojaatchi tomonidan keltirib o`tilgan o`nlab asoslar inobatga olingan. 

Aslida ochiq-oydin ko`rinib turgan bu ish nega paysalga solinib, Prezident qarorlari bandlari boshqacha talqin qilinmoqda? Murojaatchi vakili tomonidan keltirilgan o`nlab asoslar sud qarorida inobatga ham olinmagan, yozilmagan ham. Nega? OChIQ sud majlisiga OAV vakilining kiritilmasligini qanday izohlash mumkin? Chiqarilgan qaror va bu holatlar A.Ahmedov raislik qilgan mazkur sud ishining holisligiga shubhalarni oshiradi. Mas`ullardan bu borada aniq va ishonchli izoh talab qilamiz!

 

Sardorbek Rahmonqulov

    Boshqa yangiliklar