Transport boshqarmasi Toshkent yo`llarida tirbandliklar kuzatila boshlangani sababli holatga izoh berdi.
Ta`til mavsumi tugashi, maktablar, liseylar, oliy o`quv yurtlarida o`quv jarayonlari boshlanishi bilan poytaxt yo`llarida harakatlanayotgan transport vositalari soni ortgan.
Barcha avtobus saroylarida jamoat transporti yo`lovchilar oqimining ko`payishiga oldindan tayyorgarlik ko`rilib, harakatlanuvchi tarkib sanitar va texnik ko`rikdan o`tkazildi hamda dezinfeksiya ishlari olib borildi.
Bugungi tig`iz vaqtda Toshkent shahar axolisiga xizmat ko`rsatgan jamoat transportining 1 397 ta harakat tarkibi, shu jumladan 850 ta avtobuslar va 547 ta mikroavtobuslar.
Bundan tashqari soat 7:30 dan 9:00 gacha metropolitenning Chilonzor metro yo`nalishida 3 daqiqa, O`zbekiston yo`nalishida 4 daqiqa va Yunusobod yo`nalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poezdlari harakatlangan.
Poytaxtimiz ko`chalarida engil avtomobillar hamda yo`nalishsiz taksilar sonining ko`payishi tirbandliklarni kelib chiqardi. Bu esa o`z navbatida avtobus va yo`nalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi.
O`quv mavsumining birinchi kunida yo`nalishsiz taksi xizmatlariga bo`lgan katta talabdan ayrim haydovchilar ko`proq foyda olaman deb sun`iy ravishda yo`nalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`lgan.
"Yo`nalishsiz taksi xizmatlaridan mobil ilova orqali foydalanishni tavsiya etiladi, bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz.
Shu bilan birga jamoat transportida harkatlanishni rejalashtirish va kuzatish uchun mo`ljallangan mobil ilovalar orqali kerakli transport yo`nalishlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgan. Ushbu ilovadan foydalanib kerakli yo`nalishning kelish vaqtini bilib, yo`lingizni rejalashtirish orqali o`z vaqtingizni tejashingiz mumkin" deyiladi xabarda.