AsosiyJamiyat

Surxondaryodagi 6 ta mahalla Ombudsman ko`magida suv toshqini xataridan holi bo`ldi

'Surxondaryodagi 6 ta mahalla Ombudsman ko`magida suv toshqini xataridan holi bo`ldi'ning rasmi

Surxondaryodagi 6 ta mahalla Ombudsman ko`magida suv toshqini xataridan holi bo`ldi. 

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning iyun-iyul oylarida Oliy Majlisning inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) nomiga Surxondaryo viloyati Uzun tumani "Fayzobod" mahallasi va uning atrofidagi aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolardan bir necha marotaba murojaat kelib tushgan . Ularning so`nggi murojaati 2021 yilning 3 iyul kuni qabul qilingan.

Shunisi e`tiborliki, Surxondaryo vohasi yog`ingarchilik notekis taqsimlanadigan hudud hisoblanadi. Janubiy tumanlardagi tekisliklarga yomg`ir-qor kam yog`adi. Biroq, tog` yonbag`irlari bo`ylab ko`tarilgach, yog`in miqdori ikki barobar ortadi. Ayniqsa, Hisor tog`larining janubiy yonbag`irlari xatarli hudud hisoblanadi. Shu jihatdan Surxon daryosi o`zanining o`zgarishi ko`plab aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar hayotini jiddiy xavf ostiga qo`yadi. Shuni hisobga olgan holda, ushbu murojaatlarning barchasi Ombudsman nazoratiga olinib, tegishli tashkilotlar tomonidan masala ijobiy hal etilishi yuzasidan choralar ko`rilishi so`ralgan. Muammoni imkon qadar tezroq hal etilishi uchun idoralararo hamkorlik asosida ko`rib chiqildi.

Murojaatda bayon etilganidek, hududdan oqib o`tadigan Surxon daryosi o`zani 90 darajaga o`zgarishi oqibatida 6 ta mahalla ahli suv toshqini xavfi ostida qolgan. Bundan xavotir olgan aholi ushbu murojaatni yo`llagan. Ombudsmanning say-harakatlari bilan muammo to`liq hal etildi. Jumladan, Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan 3 mlrd so`m miqdorida pul mablag`lari ajratilib, Surxon daryosining oqim yo`nalishining 1,3 km.lik qismida o`zanni ta`mirlash va qirg`oqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi.

Shu kunlarda Uzun tumanining yuqorida tilga olingan hududida istiqomat qilayotgan aholidan kelib tushgan tashakkurnomada fuqarolar muammoning o`z vaqtida hal etilgani uchun mamlakatimiz rahbariyati va Ombudsmanga minnatdorchilik bildirdilar. Endilikda Fayzobod mahallasi ahli ham tinch mehnat qilib, xotirjam yashamoqda.

Boshqa yangiliklar