Shu kunlarda ba`zi saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy vazifasiga kim saylanishi va nomzodlar haqida turli xabarlar e`lon qilinmoqda. Hatto ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari falon ulamo muftiy vazifasiga tayinlandi, degan mazmundagi asossiz axborotni ham tarqatib, aholini yolg`on ma`lumotlar bilan chalg`itayotgani kuzatilmoqda.
O`zbekiston Musulmonlari idorasi holat yuzasidan munosabat bildirib, noto`g`ri tarqatilayotgan xabarlar natijasida, turli gap-so`zlarni tarqatish orqali el-yurt hurmat qiladigan va ehtirom ko`rsatadigan ulamolarning ruhiyatiga salbiy ta`sir ham o`tkazilayotganini ma`lum qildi.
"O`zbekiston musulmonlari idorasi yurtimiz fuqarolarini asl holat va mavjud vaziyatni bilmay turib, haqiqatga to`g`ri kelmaydigan xabarlarni tarqatishdan saqlanishga chaqiradi. Shuningdek, hammani o`zimga qarataman yoki kuzatuvchilarim soni ko`payadi, deya arzon shuhratga uchib, yolg`on axborot tarqatish esa jurnalistik etikasiga ham, ijtimoiy tarmoq yuritish odobiga ham, dinimiz ta`limotiga ham zid ekanini ma`lum qiladi.
Shu bilan birga, O`zbekiston musulmonlari idorasi mazkur mavzu atrofida asossiz bahs-munozarani hayotini xalqimiz va muqaddas dinimiz xizmatiga bag`ishlagan marhum muftiy Usmonxon Temirxon o`g`li hazratlarining vafotidan ko`p o`tmagan bir davrda ko`paytirishni diniy, milliy va oddiy insoniylik qadriyatlari nuqtai-nazaridan odobsizlik sifatida baholaydi hamda fuqarolarimizni bunday ishlar qilmaslikni so`raydi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston musulmonlari idorasi respublika hududida rasmiy faoliyat olib borayotgan islomiy diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi bo`lib, musulmonlarning e`tiqodiy birligini ta`minlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda, fiqhda Hanafiy mazhabi va aqidada Imom Moturidiy ta`limoti asosida mo`min-musulmonlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratadi. Shuningdek, Islom ma`rifatini keng yoyish, masjid-madrasalar ta`sis etish, diniy adabiyotlar nashr etish, xalqaro tashkilotlar va taniqli ulamolar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Qayd etish lozimki, O`zbekiston musulmonlari idorasi Ustavining tegishli bandiga asosan Diniy idora raisi, muftiy Ulamolar Kengashi yig`ilishida besh yil muddatga saylanadi. Muftiy lavozimiga saylanayotgan shaxs O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, oliy diniy ma`lumotli, kamida o`n yil O`zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlagan, ulamolar hamda xalq orasida obro` va ishonch qozongan bo`lishi lozim.
Ayni kunlarda muftiy lavozimiga munosib nomzodlarni atroflicha ko`rib chiqish, mehnat faoliyatlarini o`rganish, bilim salohiyatlarini mezonga solish, ish tajribalarini kuzatish va xalq orasidagi obro`-e`tiborlariga baho berish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonlarning yakuni to`g`risida O`zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy matbuotida e`lon qilinadi", - deyilgan O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan munosabatda.
Eslatib o`tamiz, 2021 yil 15 avgust kuni O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida vafot etgani xabar qilingan edi.






