Toshkent viloyati hokimligi xizmat mashinalari uchun "Chevrolet Malibu" va "Tracker" avtomobillarini sotib olgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Viloyat hokimligi haqiqatdan ham mahalliy byudjetning 2021 yil II chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan “Chevrolet Malibu” hamda “Tracker” xizmat avtotransportlarini xarid qilish uchun 610 million so`m ajratilganligini tasdiqladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining joriy yil 26 avgustda tegishli farmoyishi qabul qilingan.
Ma`lumot o`rnida Toshkent viloyati hokimligi uchun hukumatning qarorlari asosida 18 ta xizmat avtotransportlari ajratilgani keltirilgan. Ma`lum qilinishicha, viloyat nisbatan katta va uning salmoqli qismi tog`li hududlardan iborat bo`lgani uchun mavjud avtotransport vositalarining 5 tasi muddatidan oldin texnik nosoz holga kelgan. Ularning xizmatga yaroqsizligi bo`yicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat hokimi o`rinbosarlarining ish faoliyati samaradorligini oshirish, bevosita hududlarga chiqish bilan bog`liq ishlarni unumli tashkillashtirish maqsadida, 369 million so`mlik 1 dona “Chevrolet Malibu” hamda 232 million so`mlik 1 dona “Tracker” xarid qilish bo`yicha 6 sentyabr kuni tegishli shartnomalar imzolangan.






