AsosiyJamiyat

Toshkentda tovlamachilik yo`li bilan o`zganing pulini qo`lga kiritmoqchi bo`lgan yigitga hukm o`qildi

'Toshkentda tovlamachilik yo`li bilan o`zganing pulini qo`lga kiritmoqchi bo`lgan yigitga hukm o`qildi'ning rasmi

Giyohvandlik — aqldan ozish, murdadek yashash degani. Bugungi kunda asr vabosiga aylangan mazkur illat yoshlar o`rtasida kun sayin keng quloch yozib bormoqda. Agar giyohvand moddalar tarixiga nazar solsak, ulardan 600 yil ilgari foydalanib kelingan. XIX asrga kelib, uning tarqalishi tezlashgan va og`riq qoldiruvchi vosita sifatida ishlatilgan. Ammo bugungi kunda tarkibida giyohvandlik vositalari bo`lgan ayrim dorilar og`riq qoldirish, davolash uchun emas, boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. Quyidagi voqeamiz qahramonlarini ham aynan shunday kuchli ta`sir qiluvchi dorilarga bo`lgan ishtiyoq sudning qora kursisi tomon etakladi. 

Sudlanuvchi Shokir Mirzaev (ism-shariflar o`zgartirilgan) Oybek Qosimovga zo`rlik ishlatib, sir saqlanishi lozim bo`lgan ma`lumotlarni oshkor qilish bilan qo`rqitib, uning yonida bo`lgan kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini olib qo`yadi. Shundan so`ng uyali aloqa vositasida Oybek Qosimovni noqonuniy ravishda dori vositalari sotib yurganligini aytib, sherigi bilan birga video tasvirga tushiradi va ushbu lavhalarni internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan tahdid qiladi. Oybek Qosimovni o`z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, unga tegishli bo`lgan pulni tovlamachilik yo`li bilan qo`lga kiritadi.

“Arzimagan qarzni ayol kishi orqali so`ragani jahlimni chiqardi”

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan Shokir Mirzaev aybiga qisman iqror bo`ldi. Dastlabki tergov davrida bergan ko`rsatmalarini tasdiqlab, quyidagilarni ma`lum qildi:

— Bir yildan beri kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini iste`mol qilib kelaman. Dorining xumori tutib, tanishim Shahlo Salimovaga qo`ng`iroq qilib, dori topib berishni iltimos qildim. Shahlo menga bunday dorini Oybek Qosimovdan sotib olayotganini aytib, uning telefon raqamini berdi. Shundan keyin Oybek Qosimovga qo`ng`iroq qilib, ikki-uch marotaba dori sotib olib, iste`mol qildim. Shahloga qo`ng`iroq qilib, qaerdaligini so`raganimda u Oybek Qosimov va boshqa o`rtoqlari bilan birgaligini aytdi. Shu orada Oybek Qodirov Shahlo orqali mendan yigirma ming so`m qarzim qolganligini, qachon qaytarishimni so`radi. Men ularning aniq manzilini so`rab, o`sha tomonga yo`l oldim. Oybekning arzimagan qarzni ayol kishi orqali so`ragani jahlimni chiqardi. Borsam, ular ko`pchilik ekan, men Oybekka yolg`iz gaplashib olishimiz kerakligini aytib, boshqalarni mashinadan tushirishini so`radim. Ikkalamiz mashinaga o`tirib, boshqa tomonga harakatlandik. Men undan “Yoningda dori bormi?” deb so`radim. U dori borligini aytib, ularni menga uzatdi. Men undan “Yana nimang bor?” deb so`radim. Oybek dori olish uchun saqlagan olti yuz ming so`mga yaqin puli borligini aytdi. Men undan bu pulniyam olib, cho`ntagimga solib qo`ydim. Biz mashinani yo`l chekkasiga qo`yib, gaplashib o`tirganimizda orqamizdan tanishim Vohid Safarov boshqaruvida bo`lgan mashinada Shahlo va uning tanishlari bo`lgan ikki nafar shaxs etib kelishdi. Vohid Safarov ularni mashinada qoldirib, bizning oldimizga keldi. U mashinaga o`tirib, Oybek Qosimovga mashinani haydashni buyurdi. Bir chekkaga to`xtaganimizda Vohid Safarov undan “Mashinangda nima bor?” deb so`radi. Oybek yukxonada otasiga tegishli oltmish million so`m pul borligini, bu pulga teginmasligimizni qayta-qayta iltimos qildi. Biz tushib, yukxonani ochib ko`rsak, haqiqatan ham u erda oltmish million so`m pul bor ekan. Vohid Safarov bu puldan besh million so`mini olib, Oybekka qarab, “Bizga kuchli ta`sir qiluvchi dorilardan olib kelsang, pulingni qaytarib olasan”, deb shart qo`ydi. Oybek har qancha yalinmasin, pulni bermadi. Shundan keyin u Oybekni telefoniga videoga oldi, “Agar birovga shikoyat qiladigan bo`lsang, dori sotishingni tegishli joyga aytaman” deb tahdid qildi. Hozirda bo`lib o`tgan voqeadan juda afsusdaman. Qilmishimdan pushaymonligimni hisobga olib, menga engilroq jazo berishingizni so`rayman.

Hukm o`qildi

Abdulla Abdulxaev, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi:

— Yuqorida nomlari keltirilgan har uch shaxs ­– Shokir Mirzaev, Vohid Safarov, Oybek Qosimov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topilib, ularga nisbatan turli muddatlarga ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.

Lola Shoimova, jurnalist

    Boshqa yangiliklar