Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 30 avgust kuni mastligi gumon qilingan ayol yo`l-patrul xizmati xodimi bilan janjallashgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, 30 avgust kuni soat 02:00 da tumandagi Ibn Sino dehqon bozori yaqinida tungi xizmatda bo`lgan Yo`l-patrul xizmati xodimi E.Xudoyberganov ko`rinishidan mastlik alomati sezilgan, xatti-harakatlari shubhali bo`lgan ayolning «Matiz»ni boshqarmoqchi bo`lganini ko`rgan. «Lacetti» rusumli xizmat avtomobilini yo`l chetiga to`xtatib, ayol bilan muloqot qilgan. Suhbat davomida xodim fuqaro D.T.ni mastlikda gumonlab, transport vositasini boshqarishiga yo`l qo`ymagan. Shundan so`ng ayol turli so`zlar bilan xodimni haqorat qilgan.
Qayd etilishicha, D.T. jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgani, Yo`l-patrul xizmati xodimi E.Xudoyberganovni turli so`zlar bilan haqorat qilgani bo`yicha tegishli hujjatlar to`planib, jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudiga yuborilgan. Sud ayolga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 5 kun muddatga qamoq jazosi tayinlagan.






