Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat XO`JAQULOV oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kira olmagan abiturient yoshlar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan bir qancha dolzarb savollarga javob berdi.
— Hozirgi kunda yurtimizda qaysi nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari abiturientlardan hujjatlar qabul qilmoqda? Ular tomonidan beriladigan diplom davlat oliygohlari diplomi bilan bir xil kuchga egami?
— Ta`lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e`tibor natijasida bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari soni 29 taga etdi.
Mamlakatimizdagi nodavlat oliy ta`lim tashkilotlarining rasmiy veb-sahifalari o`rganilganda, hozirda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Ma`mun nomidagi Jahon tillari instituti, TMC instituti hamda TEAM universiteti, Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti, Toshkent xalqaro ta`lim universiteti kabi oliy ta`lim tashkilotlarida qabul jarayonlari davom etayotganligi ma`lum bo`ldi.
Ushbu muassasalarga oliy ta`lim xizmatlari ko`rsatish uchun Ta`lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda lisenziyalar rasmiylashtirilgan. Ular tomonidan berilgan diplom mamlakatimizdagi boshqa oliygohlarniki bilan bir qatorda tan olinadi.
Shunday ekan talaba bo`lish istagida bo`lgan yoshlar va ularning ota-onalari hech ikkilanmay yurtimizdagi nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.