AsosiyJamiyat

Qibrayda aholi uchun berilgan hudud bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan

'Qibrayda aholi uchun berilgan hudud bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan'ning rasmi

Bugun, 9 sentyabr kuni Qibray tumani hokimligida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Qutbidin Burxonov, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi Malika Qodirxonova va mavjud muammoning hal etilishiga mas`ul bo`lgan vazirlik hamda idora rahbarlarining o`rinbosarlari, Toshkent viloyati hokimligi va aholi vakillari ishtirokida muhokamalar bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Unda infrastruktura va kommunal shart-sharoitlar yaratilishiga mas`ul bo`lgan rahbar kadrlarga birma-bir so`z berilib, masala yuzasidan ularning fikrlari eshitildi. Fuqarolar har bir chiqish qilgan rahbarlarga muammoni ochiq aytib, savollar bilan murojaat qildi.

O`z o`rnida senatorlar vazirlik va idora vakillariga masalani aniq hal etish muddatini so`radilar. 

Muhokamalar davomida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 538-sonli qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan fuqarolar Toshkent viloyati va Qibray tumani hokimligiga bir necha bor murojaat qilganligi, viloyat hokimligi tomonidan fuqarolarga ajratilgan hudud uchun bosh reja hali hanuzgacha tasdiqlanmagani ma`lum bo`ldi.

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimligi qurilish ishlari bo`yicha kotibiyat mudiri O`ktam Shamsuddinov fuqarolarga berilgan erning bosh rejasini 10 kun ichida ishlab chiqib, tasdiqlangan holatini tegishli vazirlik va idoralarga yuborishini aytib o`tdi.

Tadbir davomida har bir mas`ul vazirlik va idora vakillari masalani hal etish yuzasidan aniq muddatlarni aytib o`tdi.

O`z navbatida qo`mitalar raislari fuqarolar mazkur masala yuzasidan Senatga murojaat qilganliklari uchun holat doimiy Senat nazoratida bo`lishini aytib o`tdi.


 

    Boshqa yangiliklar