AsosiyJinoyat

DXX Xivada xalqaro terroristik tashkilotning yoshlardan iborat yashirin guruhini fosh qildi

'DXX Xivada xalqaro terroristik tashkilotning yoshlardan iborat yashirin guruhini fosh qildi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB say`-harakati bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining Xiva shahridagi mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz" ga DXX matbuot xizmati xabar berdi. 

Aniqlanishicha, 2003 y.t. fuqaro 2020 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti emissarlari ta`siriga tushib qoladi va ularning radikal g`oyalarini qo`llab-quvvatlay boshlaydi.

Joriy yilning yanvar oyidan esa u Xiva shahridagi masjidlardan biriga ibodat qilish uchun kelgan yoshlar orasida “jihodchilar” g`oyalarini targ`ib qilish bilan shug`ullanadi. Natijada 7 kishidan iborat guruh shakllanadi va ular 1980 hamda 1982 y.t. aka-ukaga tegishli mehmonxonada o`zaro yig`inlar o`tkazib kelishadi.

E`tiborli jihati shundaki mazkur aka-ukaning 2005 y.t. bir nafardan farzandlari ham guruh a`zolari sanaladi.

Muntazam o`tkazilgan yig`inlar vaqtida ular internet tarmog`i orqali yuklab olingan diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar g`oyaviy rahnamolarining, jumladan, “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video ma`ruzalari hamda da`vatlarini tinglab, o`zaro muhokama qilishgan.

Shuningdek, ular Suriyadagi jangarilar safiga borib qo`shilganda foydalanish uchun sportning qo`l jangi turi bilan ham shug`ullanishgan.

Ta`kidlash lozimki, noqonuniy guruhning 1998-2005 yillar oralig`ida tug`ilgan a`zolari orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabasi hamda Xiva shahridagi umumiy o`rta ta`lim maktabining 2 nafari o`quvchisi bor.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida guruh a`zolarining ayrimlari noqonuniy boylik orttirish maqsadida giyohvand moddalar savdosi va o`g`irlik jinoyatlarini amalga oshirganliklari ham ma`lum bo`ldi.

Shuningdek, ularning mobil telefon apparatlarida respublikamiz qonunchiligida taqiqlangan audio-video ko`rinishidagi diniy materiallar borligi aniqlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

    Boshqa yangiliklar