Shoshilinch tibbiy yordam tizimi sog`liqni saqlash sohasidagi eng yirik va o`ta kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanadi.
2021 yilning 5 oyi mobaynida umumiy murojaatlar soni 4 milliondan ortiqni tashkil etdi, 1,1 milliondan ziyod bemorlarga stasionar muassasalarda yordam ko`rsatildi.
Birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga yiliga 1 milliondan ortiq chaqiruv kelib tushadi.
Butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimizda ham COVID-19 xastaligi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat sabab tizimga murojaatlar soni ortgan.
Shunga qaramay, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi aholiga malakali tibbiy yordam ko`rsatishda davom etib kelmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2021 yil boshidan 28 avgustgacha bo`lgan holatga ko`ra, shahar tez tibbiy yordam xizmatiga poytaxt aholisi va mehmonlari tomonidan jami 721 353 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan 28 579 tasini koronavirus infeksiyasiga chalinganligi gumon qilingan bemorlar tashkil etdi, ulardan 26 607 tasini kattalar va 1 972 tasini yosh bolalar tashkil etadi.
Ayni paytda shahar “103” xizmati Call-markaziga bir kunda o`rtacha 3 200 – 3 500 ga yaqin fuqaro murojaat qilmoqda. Aholidan kelib tushayotgan qo`ng`iroqlar har kuni 40 nafar operator tomonidan qabul qilinadi va “MedData-103” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi yordamida tez yordam brigadalarining planshetlariga uzatiladi.
Hozirgi vaqtda poytaxtning tez yordam brigadalarida har kuni 300 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari xizmat ko`rsatmoqda.
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, bugungi kunda Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmatining 12 ta bo`limi (podstansiyasi)da 203 ta brigada bo`lib, 2,5 ming nafarga yaqin shifokor, o`rta tibbiyot xodimi hamda haydovchi faoliyat yuritadi.
Barcha tez tibbiy yordam brigadalari shaxsiy himoya vositalari (respirator, niqob, kombinezon, bir marotaba ishlatiladigan xalat, ko`zoynak, yuz va ko`zlarni himoyalovchi shit, tibbiy qo`lqop va antiseptik vositalar) bilan to`liq ta`minlangan va ularning etarlicha zaxirasi mavjud.






